“Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi oyligi
2026-09-22 17:35:00 / Munosabat

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar!
Favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, joriy yilning sentyabr oyi respublikamiz bo‘ylab “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi oyligi sifatida o‘tkazilishi belgilangan.
Mazkur oylikning asosiy maqsadi — aholi va hududlarni yong‘inlar, is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasining chaqnashi hamda kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqarolarning xavfsizlik madaniyatini yanada oshirishdan iborat.
Hurmatli fuqarolar!
Kuz-qish mavsumi yaqinlashishi bilan isitish moslamalari, gaz uskunalari, pechlar, elektr qurilmalari va boshqa issiqlik manbalaridan foydalanish hajmi ortadi. Afsuski, ularni noto‘g‘ri ishlatish, texnik nosozliklarga e’tiborsizlik yoki oddiy xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik yong‘in, is gazidan zaharlanish va boshqa ko‘ngilsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois oylik davomida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari, ko‘p kvartirali uylar, mahallalar hamda xonadonlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganiladi.
Mahallalarda “mahalla yеttiligi”, mutasaddi tashkilotlar va tegishli xizmatlar hamkorligida “mahallabay” va “xonadonbay” profilaktik tadbirlar tashkil etilib, mavjud muammolarni joyida aniqlash va bartaraf etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Aholiga yong‘in sodir bo‘lganda, is gazidan zaharlanish xavfi yuzaga kelganda yoki havo-gaz aralashmasining chaqnashi kabi favqulodda holatlarda qanday harakat qilish bo‘yicha tushuntirishlar beriladi.
Ko‘p kvartirali uy-joylardagi issiqlik ta’minoti qurilmalari, gaz uskunalari, isitish qozonlari, dudburonlar hamda shamollatish kanallarining texnik sozligi ham nazoratdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida, ayniqsa tun davomida odamlar qoladigan maskanlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha profilaktik va nazorat tadbirlari kuchaytiriladi.
Oylik doirasida aholini va tashkilotlar xodimlarini favqulodda vaziyatlarga tayyorlash maqsadida seminarlar, ma’ruzalar, mahorat darslari, tanlovlar, targ‘ibot tadbirlari hamda maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Favqulodda vaziyat yuz berganda 112 yagona dispetcherlik xizmatiga, shuningdek 101 yoki 1050 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling.
Zero, xavfsizlik — barchamizning mas’uliyatimiz!
E’tiboringiz uchun rahmat!
Narpay tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boʻlinmasi kichik inspektori oddiy askar Qilichev Anvar Utkirovich
