DAVLAT TILI VA MA’NAVIYAT MASALALARIGA MAS’ULIYAT YANADA KUCHAYTIRILADI
2026-08-10 19:55:00 / Munosabat

DAVLAT TILI VA MA’NAVIYAT MASALALARIGA MAS’ULIYAT YANADA KUCHAYTIRILADI
Davlat tilining jamiyat hayotidagi nufuzi va mavqeini yanada oshirish, davlat organlari va tashkilotlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Shu maqsadda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish va mas’ul xodimlar faoliyatini aniq tartibga solishga qaratilgan yangi huquqiy asos yaratildi.
Hukumatning 2026-yil 7-avgustdagi 437-son qarori bilan “Respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklarida ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom davlat organlari va tashkilotlarida davlat tili siyosatini izchil amalga oshirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni tizimli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Nizomga ko‘ra, maslahatchilar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga uslubiy rahbarlik qilish Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti zimmasiga yuklatilgan. Maslahatchi tegishli davlat organi yoki tashkiloti, xo‘jalik birlashmasi rahbari tomonidan Departament bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Maslahatchining asosiy vazifalari ham aniq belgilab berilgan. Jumladan, u davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari huzurida davlat tilini rivojlantirish, shuningdek, geografik obyektlarni nomlash bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish hamda ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etadi.
Bundan tashqari, maslahatchi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining davlat tilini rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirishga oid buyruq, qaror va ko‘rsatmalarining ijrosini nazorat qiladi. Bu esa davlat tili va ma’naviyat yo‘nalishidagi vazifalarning faqat hujjatlarda qolib ketmasdan, amaliyotda ham izchil bajarilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Maslahatchilar faoliyatining samaradorligini baholash va ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam tahlil qilib borish ham belgilangan. Xususan, maslahatchilarning hisobotlari Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan yiliga kamida bir marta, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining yig‘ilishlarida esa har chorakda muntazam ravishda eshitib boriladi. Hisobotlar yakuni bo‘yicha aniqlangan muammolarni bartaraf etish va faoliyatni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli choralar ko‘riladi.
Umuman olganda, mazkur tartib davlat tiliga oid qonunchilik talablariga rioya etilishini kuchaytirish, davlat organlarida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish, geografik obyektlarni nomlash masalalariga mas’uliyat bilan yondashish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Zero, davlat tilining rivoji va jamiyatning ma’naviy yuksalishi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish va ularning ijrosini muntazam nazorat qilish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishning muhim omillaridan biridir.
Narpay tuman adliya bo‘limi YXKM boshlig‘i M.Mardiyev
