Inson qadri ustuvor: Narpay tumanida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar
2026-07-16 19:50:00 / Munosabat

Inson qadri ustuvor: Narpay tumanida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilib, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning munosib hayot kechirishi, ta'lim olishi, mehnat qilishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bugungi kunda Narpay tumanida 6 ming 951 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs istiqomat qilmoqda. Ularning har biri davlatimiz va jamiyatimiz e'tiborida bo‘lib, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yashash sharoitlarini yaxshilash, tibbiy va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirish hamda bandligini ta'minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ–49-son qarori asosida tumandagi 20 nafar I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsning uy-joylarini ta'mirlash uchun 1 milliard 280 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan ularning xonadonlari energiya tejamkor texnologiyalar asosida ta'mirlanib, zamonaviy va qulay yashash sharoitlari yaratildi. Bu amaliy yordam nafaqat fuqarolarning turmush darajasini yaxshiladi, balki energiya tejamkor uy-joylardan foydalanish imkoniyatini ham kengaytirdi.
Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash masalasiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Joriy yil boshidan buyon 400 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs protez-ortopediya buyumlari hamda zamonaviy reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlandi. Mazkur vositalar ularning erkin harakatlanishi, kundalik hayotini yengillashtirishi va jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bandlikni ta'minlash borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Yil boshidan 252 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro doimiy ish bilan ta'minlandi. Ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF–85-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-iyuldagi 405-son qarori asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan korxona va tashkilotlarga 500 million so‘mgacha subsidiya ajratish tartibi joriy etilgan. Bu esa yangi ish o‘rinlarini yaratish va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Nogironlikning oldini olish va bolalarda rivojlanishdagi muammolarni erta aniqlash maqsadida tumanda "Erta aralashuv xizmati" yo‘lga qo‘yildi. Ushbu markazda logoped, psixolog va massaj mutaxassislari faoliyat yuritib, bolalarga o‘z vaqtida malakali yordam ko‘rsatmoqda. Erta tashxis va kompleks yondashuv tufayli ko‘plab bolalarda ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Yana bir muhim ijtimoiy xizmat – "Yangi kun" kunduzgi qatnov asosida qarab turish" xizmati ham Narpay tumanida samarali tashkil etilgan. Ushbu xizmat orqali aqliy rivojlanishida eng og‘ir darajadagi nuqsoni bo‘lgan, 18 yoshdan katta shaxslarga har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha malakali parvarish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Natijada xizmat oluvchilarning kundalik hayoti mazmunli tashkil etilib, ularning oila a'zolariga ham katta yengillik yaratilmoqda.
Narpay tumanida amalga oshirilayotgan ushbu ezgu ishlar davlatimizning "Inson qadri uchun" degan ulug‘ tamoyili hayotda o‘z ifodasini topayotganining yaqqol namunasidir. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, salomatligi va bandligini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi. Zero, jamiyatning haqiqiy taraqqiyoti uning eng ko‘makka muhtoj fuqarolariga ko‘rsatilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rlik bilan belgilanadi.
Nogironligi bor shaxslar bilan ishlash sho'basi mutaxassisi D.Xushnazarova
