Narpay tumanida mehr-muruvvat va saxovat tadbiri tashkil etildi
2026-07-07 19:20:00 / Yangiliklar

Narpay tumanida mehr-muruvvat va saxovat tadbiri tashkil etildi
Inson qadri, mehr-muruvvat va saxovatni ulug‘lash xalqimizning azaliy qadriyatlari bo‘lib, bugungi kunda ham ushbu ezgu an’analar izchil davom ettirilmoqda.
Shu maqsadda Narpay tumanida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi sayyor yig‘ilish hamda xayriya tadbirlari tashkil etildi.
Dastlab, sayyor yig‘ilish o‘tkazilib, unda soha yuzasidan viloyat va tuman mutasaddilari, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosarlari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbariyati, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, “Haj–2026” ziyoratchilari, mahalla faollari hamda nuroniylar ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash, mehr-oqibat va saxovat muhitini yanada keng qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Shundan so‘ng xayriya yordamlari topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Narpay tumani hokimi hamda tuman prokurori ishtirok etib, ehsonlarni ehtiyojmand oilalarga topshirish jarayonida bevosita qatnashdilar.
Tadbir doirasida “Vaqf” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali tomonidan 50 nafar ehtiyojmand oilaga 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat jami 15 million so‘mlik xayriya yordami yetkazildi.
Shuningdek, tuman hududidagi 18 ta jome masjidi tomonidan 95 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda kam ta’minlangan oilaga jami 30 mln. so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
Mazkur xayriya tadbiri orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga ko‘mak ko‘rsatildi. Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va inson qadrini ulug‘lash tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.








