Brifing
2026-06-30 18:15:00 / Matbuot anjumanlari

Assalomu alaykum, Aziz Narpayliklar hamda ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari !
Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha, shuningdek, Ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator muhim Qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat bo‘yicha “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” yo‘llamoqdaman.
Ushbu “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat”ni yo‘llashdan asosiy maqsadimiz, tumanimiz aholisi va ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilarini kriminogen vaziyatdan ogoh qilgan holda, Siz azizlarni jinoyatlardan jabrlanib qolish ehtimolingizni minimal darajaga tushirishdan iborat.
Shu maqsadda, tumanimizda jinoyatlarning oqibatlari bilan kurashish emas, sodir etilish sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Shu fursatdan foydalanib, tumanimiz hududidagi kriminogen vaziyat bo‘yicha qisqacha to‘xtalib o‘taman.
Joriy yilning may oyida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida tuman hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardan talonchilik, o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish va o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari jinoyatlari kamaydi.
Bevosita xodimlarimiz tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar salmog‘i 47 foizga yaxshilandi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan tadbirlar natijasida,
-53 ta mahallalarning 14 tasida jinoyatlar kamaydi;
-37 tasida umuman jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Shuningdek, mahallalarning 5 tasi “qizil” toifaga kirgan bo‘lib, ularning hissasiga 9,4 foiz oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar to‘g‘ri keldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, qizil mahallalarga “Xo‘jakarzon”, “Islomobod”, “Xalqabod”, “Nog‘oraxona” va “Chaykal” mahallalari kiradi.
Hozirda ushbu mahallalarda kriminogen vaziyatni jilovlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
May oyi davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 194 marotaba tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, jami 148 ta jinoyatlar fosh etildi.
Qidiruvda bo‘lgan 27 nafar shaxslar ushlandi.
Mahallalarda qarovsiz va nazoratsiz qolgan
7 nafar voyaga yetmaganlar aniqlanib, ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.
Farzandiga ta’lim va tarbiya berish borasidagi majburiyatini bajarmaganligi sababli jami 214 nafar
ota-onalarga ma’muriy ta’sir choralari qo‘llanildi.
Tungi vaqtlarda ko‘ngilochar maskanlarda voyaga yetmaganlarni bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan 3 nafar tadbirkorlarga jarima jazosi qo‘llanildi.
78 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan
xotin-qizlar aniqlanib, ularga himoya orderlari berildi. Buning natijasida 62 ta oilalar yarashtirildi, 16 ta oilalarning nizosi bartaraf etildi.
Himoya orderi talablariga rioya qilmagan jami
13 nafar shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudlarga yuborildi.
53 nafar profilaktik hisobda turgan ruhiy kasal, giyohvand va spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar majburiy davolanishga yotqizildi.
Aziz Narpayliklar!
Yana bir jiddiy masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Bugungi kunda, giyohvand va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar ham kundan-kunga avj olib bormoqda. Ayniqsa yoshlarimiz o‘rtasida ushbu jinoyatlar keng tarqalmoqda.
Olib borilgan tezkor-tadbirlar natijasida shu yilning o‘zida 24 ta jinoiy holat aniqlanib, 12 ta giyohvandlik moddalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish, 10 ta taqiqlangan ekinlarni yetishtirish va 2 ta kontrabanda giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Giyohvandlik balosiga qarshi barchamiz birgalikda kurashishimiz shart!
Aziz Narpayliklar, farzandlaringizga yanada e’tiborli bo‘ling! Ularni xulq-atvori, yurish-turishi, xatti-harakatlarida o‘zgarish sezsangiz zudlik bilan buni oldini olish choralarini ko‘rish lozim, bee’tibor bo‘lmang, tegishli idoralarga o‘z vaqtida murojaat qiling !
Murojaatim davomida yana bir qator muhim yo‘nalishlarga ham ALOHIDA TO‘XTALMOQChIMAN.
-Jamoat transportida, aholi gavjum joylarda, bozorlar va serqatnov ko‘chalarda hamyon va shaxsiy buyumlaringizga e’tiborli bo‘ling, kissavurlik jinoyati jabrlanuvchisiga aylanib qolmang!
-Xonadonlar va boshqa obyektlardan o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishini oldini olish maqsadida, ularni qo‘riqlash pultiga topshirishingizni tavsiya qilaman.
-Avtoulovni olib qochish yoki avtoulovdan o‘g‘irlik jinoyatlarni oldini olish maqsadida, avtomashina kalitini o‘zida qoldirmang, qimmatbaho buyumlarni mashinangizda saqlamang!
Aziz Narpayliklar !
Hurmatli Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘onidir.
Davlatimiz rahbarining joriy yilning 5-yanvar kungi 1-sonli Qarori bilan kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarga tuman hokimi, prokurori, hududiy Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosarlari nomma-nom biriktirilib, jinoyatchilikni jilovlash va mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilab berildi.
Xususan, tumanda voyaga yetmaganlar, yoshlar va ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlari kunlik tahlil asosida muhokama qilinmoqda.
Vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan tashkilotlar rahbarlari va mahalla yettiliklariga tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda.
Ayollar tomonidan jinoyatlar sodir etilishini oldini olish maqsadida Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar joylardagi mahalla yettiliklari bilan hamkorlikda ijtimoiy profilaktika obyektlari bo‘lgan ayollar bilan suhbatlar o‘tkazib, ijtimoiy, maishiy hamda psixologik yordamlar ko‘rsatishmoqda.
Hurmatli Narpayliklar,
Umuman olganda, bugungi kunda Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar – xalqimizning tinch-totuv va xavfsiz hayot kechirishiga qaratilgan.
Shunday ekan, hamkor tashkilotlar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab olib, viloyatimiz hududida,
-jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish,
-jinoyatchilikka qarshi kurashish,
-mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasidagi chora-tadbirlarni yanada jadallashtirishimiz lozim.
Bu ishlarni amalga oshirishda albatta keng jamoatchilik vakillari va Siz aziz fuqarolarimizga tayanamiz.
Murojaatim yakunida, Siz azizlarni yana bir bor ogohlikka chaqiraman.
O‘z uyimiz, o‘z mahallamizni o‘zimiz asraylik!
Aziz yurtdoshlar.
E’tiboringiz uchun rahmat!
