Namanganda tibbiyot sohasida yangi hamkorlik eshiklari ochilmoqda
2025-05-26 21:15:00 / Yangiliklar

Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxodjayev Germaniyaning Kiori shahrida joylashgan Gannover universiteti professori, tajribali onkolog va jarroh Zafar Chinnibulakni qabul qildi.
Uchrashuv davomida professor Zafar Chinnibulak onkologik kasalliklarni davolash va jarroxlik amaliyotlari bo‘yicha boy tajribasi haqida ma’lumot berdi. Ushbu sohada erishilgan yutuqlarni Namanganda ham joriy etish, mahalliy mutaxassislarga bilim va tajribasini ulashish niyati borligini bildirdi. Shuningdek, Namanganda tibbiyot sohasini yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy tibbiy xizmatlarni kengaytirishga bo‘lgan qiziqishini ta’kidladi.
Anvarjon Otaxodjayev o‘z navbatida, davlatimiz rahbarining tibbiyot sohasini rivojlantirishga qaratayotgan islohotlari va yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u professor va uning hamkasblariga Namanganda faoliyat yuritishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishiga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv samimiy ruhda o‘tdi va kelgusidagi samarali hamkorlikda faoliyat olib borishga kelishib olindi.





