Namanganda 64-xalqaro “Gullar festivali” doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston ishbilarmonlari o‘rtasida ilk biznes forumi bo‘lib o‘tdi
2025-05-26 14:00:00 / Yangiliklar

Tadbir ikki mamlakat davlat madhiyalarining ijrosi bilan tantanali ravishda ochildi. Anjumanda Namangan viloyatining iqtisodiy salohiyati, mintaqaning investisiya va eksport imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Forumda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazaqov, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining Jalolobod viloyatidagi muxtor vakili Tilek Tekebayev, shuningdek, O‘sh viloyatidagi muxtor vakili o‘rinbosari Iliyaz Tashbayev so‘zga chiqib, bunday tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidlab o‘tishdi.
Forum doirasida investisiya, tadbirkorlik va eksport yo‘nalishlaridagi mavjud holat tahlil qilinib, kelgusidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi. Mutaxassislar tomonidan tayyorlangan ma’ruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Anjuman davomida ikki xalq do‘stligini aks ettiruvchi sevimli kuy qo‘shiqlar yangradi, tadbirkorlar esa “B2B” formatida bevosita muzokaralar o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Namangan shahar hokimligi axborot xizmati.









