Muhtaram o‘qituvchi va murabbiylar!
2026-10-01 07:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Ustoz — millat tafakkuri, jamiyat ma’naviyati va davlat kelajagini shakllantiradigan buyuk kasb egasidir. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning eng muhim maqsadlaridan biri ham bilimli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sadoqatli va zamonaviy dunyoqarashga ega avlodni tarbiyalashdir. Bu ulkan vazifaning markazida, shubhasiz, fidoyi o‘qituvchi va murabbiylar turibdi.
Namangan shahrining bugungi taraqqiyoti, ertangi salohiyati ham ta’lim va tarbiya sifatiga chambarchas bog‘liq. Farzandlarimizning har bir yutug‘i, maktablarimizdagi har bir natija, jamiyatimizdagi har bir ijobiy o‘zgarish ortida o‘z kasbiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan ustozlarning zahmati bor.
Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida yosh avlodga shunchaki bilim berishning o‘zi yetarli emas. Ularni yurt taqdiriga daxldorlik, milliy qadriyatlarga hurmat, qonunlarga itoat, bunyodkorlik va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash — barchamiz oldidagi muhim vazifadir. Bu borada Sizlarning mas’uliyatingiz ham, jamiyat oldidagi o‘rningiz ham beqiyos.
Shahar hokimligi nomidan Sizlarning sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizni yuksak qadrlaymiz. Sizlarning munosib mehnat qilishingiz, zamonaviy bilim va tajribangizni yosh avlodga yetkazishingiz uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ta’lim sifatini oshirish va ustozlarning jamiyatdagi nufuzini yanada yuksaltirishni doimo ustuvor vazifa sifatida ko‘ramiz.
Aziz ustozlar!
Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, kuch-g‘ayrat va kasbiy faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Har bir bergan sabog‘ingiz, tarbiyalagan shogirdingiz va qilgan ezgu mehnatingiz xalqimiz ravnaqi hamda yurtimiz kelajagiga xizmat qilsin.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!
Hurmat bilan,
Namangan shahar hokimi
Ayubxon Kamalov
