Namanganda oqova suv tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi
2026-07-07 16:00:00 / Yangiliklar

Taqdimot davomida "Namangan suv taʼminoti" AJ direktori tomonidan loyiha doirasida amalga oshiriladigan qurilish ishlari, kutilayotgan natijalar hamda uning hudud ekologiyasi va aholining turmush sifatini yaxshilashdagi ahamiyati yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Mazkur loyiha qiymati 96 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha doirasida sutkasiga 100 ming kub metr quvvatga ega zamonaviy oqova suvlarni tozalash inshooti, 1 ta oqova suv nasos stansiyasi hamda 7,5 kilometr tashlama oqova suv tarmog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlari, shuningdek To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Namangan, Uychi, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlari aholisi uchun oqova suv xizmatlari sifati sezilarli darajada yaxshilanadi. Natijada 245 ming nafardan ortiq aholi zamonaviy oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinadi.
Taqdimotda loyiha doirasida oqova suvlarni biologik tozalash bo‘yicha dunyodagi ilg‘or "Nereda" texnologiyasi joriy etilishi alohida taʼkidlandi. Mazkur texnologiya atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish, ekologik va sanitariya-epidemiologik vaziyatni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, 1964-yilda foydalanishga topshirilgan mavjud oqova suvlarni tozalash inshootining bugungi holati ham tahlil qilindi. Loyiha quvvati sutkasiga 100 ming kub metr bo‘lishiga qaramay, inshoot bugungi kunda amalda 45–70 ming kub metr hajmda faoliyat yuritmoqda. Shu bois uni zamonaviy talablarga mos ravishda rekonstruksiya qilish dolzarb vazifalardan biri ekani qayd etildi.
Taqdimot yakunida viloyat hokimi loyiha yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berdi.




