Namangan viloyati hokimi "Kurashxona" suv tozalash va uzatish inshootida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
2026-07-07 14:35:00 / Yangiliklar

Viloyat rahbariga o‘tkazilgan taqdimotda "Namangan suv ta’minoti" AJ direktori tomonidan xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi holati, bajarilgan ishlar va navbatdagi vazifalar haqida axborot berildi.
Qayd etilganidek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida qiymati 16,9 million AQSH dollari bo‘lgan "Kurashxona" suv inshootini rekonstruksiya qilish loyihasi izchil amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 9 ta zamonaviy nasos agregati, sutkasiga 100 ming kub metr quvvatga ega suvni tindirish va filtrlash inshooti, reagent xo‘jaligi, dispetcherlik va markaziy laboratoriya binosi barpo etilmoqda. Shuningdek, 2 ta 5 ming kub metrlik hamda 1 ta 10 ming kub metrlik toza suv rezervuari rekonstruksiya qilinmoqda.
Mazkur loyiha yakunlangach, "Kurashxona" suv inshootining suv tozalash quvvati sutkasiga 38 ming kub metrdan 100 ming kub metrgacha oshadi. Natijada, suvning loyqaligi 2500 mg/litr bo‘lgan holatlarda ham uni sifatli tozalash imkoniyati yaratiladi hamda 600 ming nafar aholi uzluksiz va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, viloyat hokimiga boshqa yirik loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi umumiy qiymati 74,6 million AQSH dollari bo‘lgan loyiha doirasida 106 ta mahalladagi 650 ming nafar aholining ichimlik suvi, Pop tumanidagi 10 ta mahallada istiqomat qiluvchi 35 ming nafar aholining oqava suv xizmati yaxshilanadi. Loyiha natijasida elektr energiyasi sarfi 7 foizga, suv yo‘qotishlari 9 foizga va ekspluatatsiya harajatlari 11 foizga kamayishi kutilmoqda.
Taqdimot yakunida viloyat hokimi qurilish-montaj ishlarini belgilangan muddatlarda va sifatli yakunlash, xalqaro standartlarni to‘liq ta’minlash hamda aholini sifatli ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.






