MUROJAATNOMA
2026-06-11 10:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz Namanganliklar!
Qadrli ota-onalar, mahalla faollari!
Umidimiz va suyanchimiz bo‘lgan aziz yoshlar!
Bugun men sizlarga Namangan shahar hokimi sifatida emas, balki shu muqaddas zaminning bir farzandi va sizlarga kuyinuvchi yaqin insoningiz sifatida, qalbimdagi eng katta xavotir va muhim bir masala yuzasidan murojaat qilyapman. Biz bugun Namanganni gullab-yashnagan, zamonaviy va xavfsiz shaharga aylantirish, farzandlarimizga munosib kelajak yaratish yo‘lida katta islohotlarni amalga oshiryapmiz. Biroq, barcha ezgu maqsadlarimizga, millatimiz genofondiga, yoshlarimizning porloq kelajagiga rahna soluvchi bir xavf borki, unga qarshi barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib kurashmasak, ko‘zlagan marralarimizga erisha olmaymiz.
Bu — giyohvandlik va zahri qotil balosidir! Afsuski, bugun zahri qotilning qiyofasi o‘zgardi! Agar ilgari giyohvandlik deganda an’anaviy zahri qotillar tushunilgan bo‘lsa, bugungi kunda shiddatli axborot asrida sintetik giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari (xalq tilida "apteka" dorilari) yoshlarimiz sog‘lig‘iga rahna solmoqda. Eng achinarlisi, bu zaharlar internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali xufiya tarzda tarqatilib, sodda, hali hayot tajribasiga ega bo‘lmagan yigit-qizlarimizni o‘z domiga tortmoqda. Biz bir narsani to‘g‘ri anglashimiz kerak: birgina tabletka yoki kichik bir kimyoviy modda — insonni bir umrga nogiron qilishi, aqldan ozdirishi va eng dahshatlisi, bevaqt o‘limga olib kelishi isbotlangan haqiqatdir.
Aziz va suyukli yoshlarimiz!
Sizlar Namanganning ertangi kuni, ota-onangizning umidisiz. Ota-onangiz sizning kamolingizni ko‘raman deb tunu kun mehnat qilmoqda. Bir lahzalik soxta qiziqish yoki do‘stlarning noto‘g‘ri da’vati tufayli o‘z hayotingizni, sog‘lig‘ingizni va kelajagingizni barbod qilmang!
Sizning kuchingiz — sog‘lom tanangizda, bilim olishga bo‘lgan intilishingizda va sport maydonlarida erishadigan yutuqlaringizdadir. Biz siz uchun barcha sport maydonchalari, kutubxonalar, IT-parklar va to‘garaklarni shay qilib qo‘yganmiz. Zahar izlamang — ilm izlang, hunar o‘rganing, yurtingizga munosib farzand bo‘ling!
Hurmatli ota-onalar, mahalla ahli!
Farzandimizning tarbiyasi, uning kimlar bilan do‘stlashayotgani, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotgani va ijtimoiy tarmoqlarda nimalar bilan bandligiga befarq bo‘lmaylik. "Mening bolam unday ish qilmaydi" degan xotirjamlikka berilmaylik. Agar mahallamizda shubhali harakat qilayotgan, zahri qotil savdosi yoki tarqatilishi bilan shug‘ullanayotgan kimsalarni ko‘rsangiz, sukut saqlamang! Bizning befarqligimiz — kimningdir farzandini o‘limga mahkum qilishi mumkin. "Bir bolaga yetti mahalla ota-ona" degan naql bejiz aytilmagan. Mahallamiz oqsoqollari, faollari, xotin-qizlar va yoshlar yetakchilari bu masalada har qachongidan ham hushyor va talabchan bo‘lishlari zarur. Bizning qat’iy pozisiyamiz!
Namangan shahar hokimligi huquq-tartibot organlari bilan birgalikda shahrimiz hududida giyohvandlik vositalari va psixotrop dorilarning noqonuniy aylanishiga qarshi ayovsiz kurash olib boradi. Biz sog‘lom hayot uchun kurashda hech kimga shafqat qilmaymiz! Maktablar, kollejlar, oliygohlar va mahallalarda tushuntirish ishlarini yanada kuchaytiramiz. Ammo faqatgina ma’muriy choralar bilan bu baloni yengib bo‘lmaydi. Eng kuchli qalqon — bu siz bilan bizning birdamligimiz, oilamizdagi sog‘lom muhit va jamiyatimizdagi befarq bo‘lmagan qarashdir!
Qadrli Namanganliklar!
Keling, go‘zal Namanganimizni giyohvandlikdan xoli, sog‘lom va tinch shaharga aylantirish yo‘lida birlashaylik! Har bir farzandimizni ko‘z qorachig‘idek asraylik! Sizlarga va oilalaringizga sog‘liq, xotirjamlik va baxt-saodat tilayman. Yoshlarimizning yo‘li doimo yorug‘ bo‘lsin!
Ehtirom ila, Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov
