Asosiy kontentga o'tish

Nukusda Mudofaa vazirligi avtotexnik ta’minoti mutaxassislari yig‘ini o‘tkazildi

2025-04-05 12:10:00 / Yangiliklar

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy qism va muassasalari negizida Mudofaa vazirligi harbiy okruglar, harbiy qism va muassasalarning avtomobil xizmati boshliqlari ishtirokida o‘quv-uslubiy yig‘in bo‘lib o‘tdi.

Qo‘shinlardagi avtomobil texnikalarning doimiy jangovar shay va soz holatda ushlab turilishini ta’minlash, har xil ob-havo va hududlarda ishlatishning o‘ziga xos bo‘lgan tomonlarni inobatga olish, ularni yetarlicha parvarishlash katta kuch, sarf-xarajat va imkoniyatlarni talab etadi. Shu bois yig‘inda qo‘shinlarda mavjud bo‘lgan avtomobil texnikalarga yetarli darajada e’tibor qaratish, ularga o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini olib borishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlash joizki, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilib, so‘nggi yillarda harbiy qism va muassasalardagi avtomobil texnikalarini saqlash parklari, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini olib borish joylari, ehtiyot qismlarini saqlash omborlarida kapital ta’mir ishlari olib borilib, zamonaviy shart-sharoitlar yaratilmoqda. Qo‘shinlarga xarid qilinayotgan yangi harbiy va maxsus texnikalar butun armiyaning jangovar qudratini oshirib, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Ushbu o‘quv-uslubiy yig‘in avtomobil texnikalarni hisobini to‘g‘ri yuritish, ekspluatatsiya qilish, saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha mas’ullarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmasini oshirish hamda xizmat samaradorligini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi. 

Mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboev rahbarligida o‘tgan o‘quv-uslubiy yig‘inda vazirlik qo‘shinlarida 2024—2025 o‘quv yili uchun avtotexnik ta’minoti yo‘nalishi bo‘yicha hisobotlar tinglanib, yangi o‘quv yiliga rejalar belgilandi.

Yig‘inda qo‘shinlarda avtotexnik ta’minotini tashkillashtirishga mas’ul bo‘lgan ofitserlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilib, ushbu soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi ko‘rib chiqildi. Avtomobil texnikalarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha soha vakillarining taklif va tavsiyalari o‘rganilib, ularning ahamiyati va istiqboldagi samarasi tahlil etildi.

Asosiy e’tibor mavsumiy texnik xizmat ko‘rsatish ishlariga qaratilib, ularning sifatli hamda yuksak mas’uliyat bilan tashkil etilishi bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati

372

Oxirgi yangilanish: 2025-04-05 12:13:32

Nukusda Mudofaa vazirligi avtotexnik ta’minoti mutaxassislari yig‘ini o‘tkazildi