Amir Temurning 690 yilligini munosib nishonlash jarayoni boshlab yuborildi
2025-04-04 18:10:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda buyuk sarkarda tavalludining 690 yilligi tavalludini munosib nishonlash jarayoni boshlab yuborildi. Shu munosabat bilan poytaxtimzdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida «Amir Temurning ilm-fan, madaniyat va harbiy soha rivojidagi buyuk xizmatlari» mavzusida ilmiy seminar tashkillashtirldi. Seminarda tarixchi olimlar, Qurolli Kuchlar akademiyasi magistrantlari, maktab o‘quvchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir boshida Amir Temurning o‘zi barpo etgan imperiyasi hududida olib borgan islohotlari – qurilish, bog‘dorchilik, obodonlashtirish, xalq turmushini yaxshilash kabi mavzularga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zosi Muhammad Ali Ahmedovning ma’ruzasi tinglandi. «Temur tuzuklari» asarida harbiy xizmatchilarning o‘zaro munosabatlari talqini» deb nomlangan ma’ruzada sohibqironning amirlardan tortib oddiy askarlargacha bir xil munosabatda bo‘lganligiga ahamiyat qaratildi. Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev esa o‘z ma’ruzasida Amir Temurning siyosat, harbiy islohotlar va davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning keng qamrovli tahlili bo‘yicha ilmiy asoslangan ma’lumotlarni keltirib o‘tdi.
Shuningdek, seminarda tarixchi olimlar To‘lqin Hayitov hamda Elmira Hazratqulova ham Temuriylar imperiyasi va Temuriy sultonlar hukmronligidagi davlat boshqaruvini yig‘ilganlarga chuqur tahlil qilib berishdi. Sohibqironning «Bir g‘ishtning o‘rnini o‘nta g‘isht bilan to‘ldir, Bitta kesilgan daraxt o‘rniga o‘ntasini ek» degan ibratli o‘gitlariga to‘xtalib o‘tildi.
Seminar yakunida Qurolli Kuchlar akademiyasi magistrantlari va maktab o‘quvchilari Temuriylar tarixi davlat muzeyi bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi.
Asror RO‘ZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti