Asosiy kontentga o'tish

Janubdagi sayyor qabulda ko‘plab muammolarga yechim topildi

2025-03-27 13:10:00 / Yangiliklar

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismda ommaviy sayyor qabul va bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Unda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farxodjon Shermatov, Mudofaa vazirligi Tibbiy ta'minot boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Nosirjon Fozilov, shuningdek, Termiz harbiy prokuraturasi, Bandlikka ko‘maklashish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi, tuman tibbiyot birlashmasi, Soliq qo‘mitasi hududiy bo‘linmasi, Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda  Xalq banki xodimlari ishtirok etib, murojaatlarga e’tibor qaratdi.

Sayyor qabul avvalida ochiq muloqot o‘tkazilib, harbiylar va ularning oila a’zolariga yaratilgan sharoitlar, imkoniyat va imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi. O‘tkazilayotgan tadbirlarning ahamiyati xususida so‘z yuritildi.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda yaratilgan “Xalq bilan muloqot” xalqchil tizimi ko‘plab yurtdoshlarimizning yillar davomida qiynab kelgan muammolari, yechimi topilmayotgan masalalarini hal qilib, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni ro‘yobga chiqishiga dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ommaviy hamda yakka tartibda tashkil etilgan sayyor qabul davomida harbiy xizmatchilar oila a’zolarini ishga joylashishi hamda farzandlarining ta’lim muassasalariga kirishi, imtiyozli ipoteka krediti asosida ajratiladigan uy-joylarni xarid qilish, soliq to‘lovlarini to‘lashdagi imtiyozlar va boshqa masalalar boʻyicha murojaatlar tinglandi.

Sayyor qabul yakunida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari tomonidan kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati shu joyning o‘zida ijobiy yеchimini topgan bo‘lsa, qolganlari tegishliligi bo‘yicha hamkor tashkilotlarga yo‘naltirildi va ijrosi nazoratga olindi.

Janubi-g'arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati

332

Oxirgi yangilanish: 2025-03-27 15:19:11

Janubdagi sayyor qabulda ko‘plab muammolarga yechim topildi