Asosiy kontentga o'tish

Qurol-aslaha va harbiy texnikalarga mavsumiy texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi

2025-03-26 11:05:00 / Yangiliklar

Kattaqo‘rg‘on garnizonida joylashgan harbiy qismda qurol-aslaha va harbiy texnikalarni qishki sharoitdan yozgi mavsumda foydalanish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil qilindi.

Mashg‘ulot avvalida okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan qurol-aslaha va harbiy texnikalarga mavsumiy texnik xizmat ko‘rsatish vaqtida bajariladigan ishlar tartibi va hajmi bo‘yicha shaxsiy tarkibga tushunchalar yetkazilib, harbiy texnikalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning turli sharoitida sozligini ta’minlash borasida tavsiyalar berildi.

Har bir o‘quv nuqtasida harbiy xizmatchi o‘ziga biriktirilgan qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun o‘zi mas’uldir. Shuni inobatga olgan holda ko‘p yillik tajriba ega harbiy xizmatchilar nazoratida ishtirokchilar amalda mashg‘ulotlarni bajarishdi.

Shuningdek, sovutish suyuqliklari almashtirish, jangovar mashina agregat va tugunlarini tekshirish, filtrlarni tozalash va almashtirish ishlari, yoqilg‘i-moylash ashyolarini yangisiga almashtirish hamda elektr va aloqa jihozlarining sozligini nazoratga olish bo‘yicha mashg‘uloltlar o‘tkazildi.

Mashg‘ulotda muhandis-texnik mutaxassislar tarkibidagi ofitser va serjantlar, guruh, vzvod va batalyon komandirlari hamda bevosita harbiy texnikalar ekspluatatsiyasiga mas’ul shaxslar bilan birga harbiy avtomobil nazorati xodimlari ham qatnashdi.

Mazkur mashg‘ulotning ahamiyatli jihati shunda bo‘ldiki, harbiy xizmatchilar o‘zlariga biriktirilgan qurol-aslaha va harbiy texnikalarni har qanday mavsumda doimiy jangovar shay holatda ushlab turish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirdi. Xususan, texnikalarga mavsumiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar davomida texnikalarning ishlash holati va nosozliklarning oldini olish, yo‘qotishlarni kamaytirish va unumdorlikni oshirish  barobarida jangovar shaylikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.

Ko‘rgazmali mashg‘ulot yakunida har bir o‘quv nuqtasi rahbarlari tomonidan mavsumiy xizmat ko‘rsatishning ahamiyati, asosiy xizmat ko‘rsatish bosqichlari to‘g‘risida harbiy xizmatchilarga batafsil ma‘lumotlar yetkazib, o‘zlarining qo‘shimcha topshiriq va tavsiyalarini berib o‘tdi.

Yakunda o‘tkazilgan mashg‘ulotlar bo‘yicha hisobotlar tinglanib, erishilgan yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi. Yangi bilim va tajribalarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

195

Oxirgi yangilanish: 2025-03-26 11:42:26

Qurol-aslaha va harbiy texnikalarga mavsumiy texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi