Asosiy kontentga o'tish

Navro‘z — boqiy qadriyatlar kuychisi!

2025-03-20 17:40:00 / Yangiliklar

Bahor nafasi, yasharish va yangilanish ayyomi – Navroʻzi olam Sharqiy harbiy okrugda katta shodu xurramlik bilan qarshi olindi. “Fargʻona” dala oʻquv maydonida tashkil etilgan tantanalar harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga unutilmas quvonch ulashdi.

Ommaviy sayl tarzida o‘tkazilgan bayram tantanasida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari vaqtlarini chog‘ o‘tkazishdi. Milliy libos kiygan kelinlarning salomlari, keng maydonda zavqlanib varrak uchirayotgan bolakaylar, el suygan san’atkorlarning diltortar taronalari yig‘ilganlarga xushkayfiyat ulashdi.  

Tadbir davomida qadimiy Navroʻz anʼanalariga sodiq holda, doshqozonlarda sumalak va turli milliy taomlar pishirildi. Xalqimizning Navro‘z bayramlari kurash musobaqalarisiz o‘tmaydi. Bayram maydonlarida harbiylar milliy oʻyinlar va sport musobaqalarida bellashib, turli xil sovrinlarni qo‘lga kiritishdi.

Shuningdek, harbiy qism va muassasalarning milliy ko‘rgazmalari tashkil etilib, tadbir ishtirokchilariga o‘zbek xalqining boy tarixi, urf-odatlari va harbiy merosi aks ettirilgan eksponatlar namoyish qilindi.

Tadbir doirasida okrug qo‘mondonligi tomonidan bolajonlarning Xatna to‘ylari ham oʻtkazilib, ularning oilalariga bayram sovg‘alari topshirildi.

Ta’kidlash joizki, harbiy xizmatchilar va ularning yaqinlari uchun bu kun nafaqat Navroʻz shukuhi, balki doʻstlik va ahillik, Vatan himoyachilari o‘rtasidagi birdamlik ruhini yanada mustahkamlash ayyomi boʻldi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati

359

Oxirgi yangilanish: 2025-03-20 17:44:00

Navro‘z — boqiy qadriyatlar kuychisi!