Qadimiy bayram shukuhi: Mudofaa vazirligi Navro‘z sayli
2025-03-20 17:10:00 / Yangiliklar

Unda Mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov, vazirlik Markaziy apparati xodimlari, boshqarmalar boshliqlari, Toshkent garnizonidagi barcha harbiy qism va muassasalardagi harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchilari, ularning oila a’zolari, hamda taniqli san’atkorlar ishtirok etdi.
Tantana davomida so‘z olganlar yosharish va yangilanish fasli bahor ayyomining gultoji, tabiatning eng sof bayrami bo‘lmish Navro‘z bilan barchani qutlab, kelayotgan yangi yil qutlug‘ va barokotli kelishini, xalqimizni yangi yutuqlar sari yetaklashini tilab qolishdi.
Navro‘z saylining har bir tomoniga qaramang, kishining bahri dili ochiladi. Bayramona burchaklarda joy olgan turli xil noz-nematlar, doshqozolarda pishayotgan palovlarning xushbo‘y hidlari va yig‘ilganlarning samimiy tabassumlari bayramni yanada mo‘jizaviy qildi.
Alpqomat yigitlar, To‘marisning shijoatini o‘zida mujassam etgan qizlar ishtirokida o‘tkazilgan sport musobaqalarining qizg‘in va murosasiz o‘tishi tomoshabinlar e’tiborini tezda jalb qila oldi.
Ko‘kda humo qushi kabi uchayotgan varraklar, milliy sport turlarimiz mehmonlarga milliy g‘urur tuhfa etgan bo‘lsa, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli, harbiy orkestrning kuy-sadolari, folklor chiqishlar, milliy kuy-navolar-u el ardog‘idagi san’atkorlarning jo‘shqin qo‘shiqlari ishtirokchilarga bayramona shukuh baxsh etdi.
Darhaqiqat, kun davomida bo‘lib o‘tgan Navro‘z tantanalari barcha ishtirokchilarga milliy qadriyatlarni, mehr va birlikni yanada mustahkamlashga ilhom berdi. Qolaversa, o‘tkazilgan bayramning har bir daqiqasi mehmonlarning qalbini nafis xotiralar bilan bezadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti