Nukusda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun maroqli hordiq tashkil etildi
2025-02-22 17:10:00 / Yangiliklar

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan kulgi ustasi, xalqimiz mehrini qozongan ijodkor Avaz Oxun ishtirokida Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Yangisidan bor” nomli konsert dasturi namoyish etildi. Kulgiga boy o‘tgan hajviy dastur qishning sovuq kunlarida qalblarga iliqlik olib kirib, dillarni xushnud etgani bilan esda qolarli bo‘ldi.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining dam olishini mazmunli tashkil etish, madaniy hordiq olishini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tadbirda qiziqchi o‘zining qiziqarli va samimiy kulgiga boy hangomalari bilan yakkaxon konsertini taqdim etdi.
Aytish joizki, qiziqchining askiyalarida soddalik, insonlar hayotidan olingan vaziyatlar qamrab olinadi. Er-xotin munosabatlari, bolalar suhbati, ishdagi vaziyat, hayotning achchiq va shirin tafsilotlari – bularning bari so‘z ustasining boy ijodiy repertuaridan o‘rin olib, tinglay turib, yuzingizga tabassum yugurishi shubhasiz.
– Konsert juda zo‘r o‘tdi, – deydi mayor Zuhriddin Alijonovning turmush o‘rtog‘i Diyora Alijonova. – Sababi yumorlarda ham tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan qaynoq so‘zlarni topishingiz mumkin.
O‘sha kuni zalda kulgu-yu, gulduros qarsaklar ovozi yangradi. Harbiy okrug rahbariyati Avaz Oxunga shaxsiy tarkib nomidan o‘z minnatdorchiligini bildirib, qoraqalpoq milliy ornamenti tushirilgan esdalik sovg‘asini topshirdi.
Konsert so‘ng okrug tarix muzeyiga sayohat tashkil etildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati