Farg‘onada desantchilarning amaliy tayyorgarligi mustahkamlanmoqda
2025-02-22 11:45:00 / Yangiliklar

Sharqiy harbiy okrugning Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda shaxsiy tarkibni noqulay vaziyatlarda ham qoʻyilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga oʻrgatish, jangovar shayligini yana bir bor sinovdan oʻtkazish maqsadida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. O‘quv yili rejasiga asosan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda harbiy xizmatchilar bilimlarini oshirib, amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi.
Ta’kidlash joizki, harbiy qismda ustoz-shogird an’anasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yosh desantchilar ko‘p yillik tajribaga ega harbiy xizmatchilardan yo‘nalishdagi muhim jihatlarni o‘zlashtiradi.
Dastlabki topografiya, otish va jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari shuni ko‘rsatdiki, harbiy xizmatchilar o‘z bilim va mahoratlarini muntazam ravishda oshirib bormoqda. Xususan, mashg‘ulotlar davomida desantchilar qurol-aslaha va anjomlardan samarali foydalanish, ekstremal sharoitlarda harakatlanish va taktik vazifalarni bajarish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lishdi.
Yerda posbon, ko‘kda qalqon bo‘lishni o‘z oldiga qatʼiy maqsad qilgan desantchilar tinimsiz izlanishdi. O‘quv mashg‘ulotlarda har tomonlama toblanib, harbiy xizmatchiga xos va mos bo‘lgan jihatlarini takomillashtirmoqda. Bunday mashg‘ulotlar nafaqat shaxsiy tarkibning professional tayyorgarligini oshirish, balki jamoaviy hamkorlik va jangovar shaylikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati