“Balli, ayollar!”: go‘zallik va nafosat bellashuvi
2025-02-17 15:40:00 / Yangiliklar

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari oʻrtasida milliy qadriyat, urf-odatlarimizni keng targʻib etish, harbiylar oilasida yashayotgan ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida, Mudofaa vazirligiga qarashli qo‘mondonlikda “Men namunali harbiy oila bekasiman” shiori ostidagi “Balli, ayollar!” ko‘rik-tanlovining yana bir qo‘mondonlik bosqichi o‘tkazildi.
Unda musobaqaning ilk bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻn nafar harbiy oila bekasi oʻzaro oltita shart boʻyicha bahs-munozaraga kirishdi.
Tanlov davomida “Men baxtiyor ayolman”, “Mohir bekajon”, “Darts”, “Ayol – goʻzallik timsoli”, “Uddaburon ayol”, “Baxru bayt” kabi shartlarda oila bekalari o‘zlarining nechog‘lik ziyrak ayol, oqila rafiqa, ziyoli ona ekanliklarini namoyon etdilar.
Musobaqani milliy libboslarda oʻzlarini tanishtirishdan boshlagan oila bekalari, tanlov davomida epchillik va uddaburonliklari, psixologik bilimlari, tikuvchilik ishlarida mahoratlarini koʻrsatishgan boʻlsa, sogʻlom turmush tarzi va jismoniy tayyorgarlikni aniqlashga qaratilgan shartlarda ishonchli harakatlarni amalga oshirishdi. Ayniqsa, “Baxru bayt” sharti yanada qiziqarli o‘tdi. Unda uy bekalari ijrosida o‘zbek xalq laparlari yangraganida yig‘ilganlar qalbi bahoriy zavq-shavqqa to‘ldi.
Tanlov yakunida ishtirokchilar hamda mehmonlar diplom, tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Malakali hay’at a’zolarining qaroriga koʻra, Dilfuza Ismatullayeva g‘olib deb topilib, respublika bosqichiga yoʻl oldi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti