Qoraqalpog‘istonlik yoshlar “Turon yo‘lbarslari” sport musobaqasida bellashdi
2025-02-14 14:30:00 / Yangiliklar
![Qoraqalpog‘istonlik yoshlar “Turon yo‘lbarslari” sport musobaqasida bellashdi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F45e929a4-9f42-a2c7-94b9-ff75183ddb0f_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular ongiga milliy qadriyatlarni chuqur singdirish, yoshlarda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab va maktab-internatlar o‘quvchilari hamda “Vatan tayanchi” otryad a’zolari o‘rtasida “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasining hududiy bosqichi o‘tkazildi.
Shiddatli va murosasiz kechgan bahslarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlaridan jami 20 ta jamoa ishtirok etdi.
Kuchli raqobat ostida o‘tgan musobaqada jamoalar safda yurish va saf elementlarini bajarish, saf qo‘shig‘ini ijro etish, AK-74 o‘quv qurolini qismlarga ajratish va yig‘ish, “Mohir mergan” shartida ko‘rsatilgan 10 metr masofadan pnevmatik miltiqdan hamda kamondan o‘q otish, umumqo‘shin himoya vositalarini kiyish, turnikda tortilish, birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish va “Temur tuzuklari” bilimdoni kabi shartlarni jamoaviy va yakka tartibda bajarib, g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra kuchli uchlikdan o‘rin olgan jamoalar:
1-o‘rin — Ibrayim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan ijod maktabining “Lochinlar” jamoasi;
2-o‘rin — Qorao‘zak tuman ixtisoslashtirilgan maktabining “Tebrenbes” jamoasi;
3-o‘rin — Nukus shahar Prezident maktabining “Vatanparvar” jamoasi.
G‘olib jamoalar hamda yuqori ball bilan g‘alaba qozongan ishtirokchilar nominatsiyalar bo‘yicha diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir ishlar samaradorligini oshirish va faollashtirish, bu boradagi ta’lim-tarbiyaviy ishlarga mamlakatimiz fuqarolarini, shu jumladan, yoshlarni faol jalb etish, yoshlar ongiga vatanparvarlik, mardlik tuyg‘ularini singdirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirlar qatorida “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasi ayni paytda yurtimizning barcha hududlarida yuqori saviyada tashkilashtirilmoqda. Hududlarda g‘olib bo‘lgan jamoalar musobaqaning ikkinchi, ya’ni final bosqichida ishtirok etish uchun shu yilning aprel oyida Toshkent shahriga yo‘l oladi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati