Xorazm viloyati bo‘ylab harbiy-vatanparvarlik festivallari oʻtkazildi
2025-02-08 12:40:00 / Yangiliklar
![Xorazm viloyati bo‘ylab harbiy-vatanparvarlik festivallari oʻtkazildi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Ff28fb9ea-e66f-54ad-9c28-26858c54d5b3_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Xiva tumani markazida erta tongdan harbiy orkestr kuylari joʻrligida yosh u qari davlatimiz bayrogʻini baland koʻtarib, “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” ommaviy yurish marafonida birdamlikda ishtirok etdi. Sogʻlomlashtirish aksiyasida yuzlab vatandoshlarimiz sogʻlom turmush tarzini tanlaganini targʻib etib, barchani ushbu tadbirda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Shundan soʻng tadbirlar Xivadagi Prezident maktabi hamda boshqa taʼlim muassasalarida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi yoshlar festivaliga ulandi. Tadbirda hokimiyat, Yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi, Xorazm viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi, tuman mudofaa ishlari boʻlimlari vakillari, bir guruh harbiy xizmatchilar, 500 ga yaqin yoshlar, maktablarda faoliyat yuritayotgan “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari va chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻz olgan faxriylar harbiy sohaning mashaqqatli va sharafli yoʻli haqida nutq soʻzlarkan, globallashuv jarayonlari hamda odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi oʻta murakkab sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning oʻrni va ahamiyati tobora ortib borayotganini taʼkidlab oʻtishdi.
Kelgusida harbiy xizmatchi boʻlish istagidagi yoshlar uchun davlatimizda faoliyat yuritayotgan harbiy taʼlim muassasalari haqida maʼlumotlar berilib, ularga oʻqishga kirish tartibi hamda taʼlim yoʻnalishlari haqida soʻz bordi. Harbiy sohaga qiziqish bildirgan yoshlarning savollariga batafsil javob berildi.
Festivallar doirasida harbiy orkestri jamoasining Vatan madhini tarannum etgan kuy va qoʻshiqlari, faxriy qorovul vzvodining saf elementlari bilan koʻrgazmali chiqishlari tadbirga haqiqiy vatanparvarlik kayfiyatini ulashdi.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati