Imtiyozli tavsiyanomalarni olish uchun test sinovlari boshlandi
2025-01-20 16:20:00 / Yangiliklar
Ushbu sinov jarayonlari "Muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi toʻgʻrisida"gi Nizom asosida amalga oshirilmoqda.
Bugun Respublikamiz bo‘ylab Mudofaa vazirligi qo‘shinlaridagi muddatli harbiy xizmatchilar o‘rtasida boʻlib oʻtayotgan test sinovlari ham askarlarning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik dasturlarining oʻzlashtirganligini yakuniy baholash, shuningdek, ularning bilim darajasini tekshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkazilmoqda.
Matematika, fizika fanlari boʻyicha hamda mantiqiy test savollari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar ishtirokida umumtaʼlim va oʻrta maxsus taʼlim muassasalaridagi oʻquv dasturlarini inobatga olgan holda tuzilgan.
Test savollarining umumiy soni 100 ta boʻlib, ularning 40 tasi jangovar tayyorgarlik, 20 tasi — maʼnaviy- maʼrifiy tayyorgarlik, 10 tasi matematika, 10 tasi fizika fani boʻyicha va qolgan 20 tasi mantiqiy savollardan iborat.
Jangovar tayyorgarlik boʻyicha berilgan savollarning har bitta toʻgʻri javobi uchun 1,2 ball, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha – 1,1 ball va qolgan fanlarning barchasiga 1 balldan beriladi.
Test sinovlari uchun ajratilgan umumiy vaqt 3 soat boʻlib, barcha savollarga berilgan toʻgʻri javob orqali maksimal 110 ballni qoʻlga kiritish mumkin boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan fuqarolarga berilgan tavsiyanomalar uch yil mobaynida amal qiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti