Hamkorlik memorandumi imzolandi
2025-01-17 15:40:00 / Yangiliklar
Tadbirda Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi masʼul xodimlari ishtirok etdilar.
Mazkur memorandum qonunchilik hujjatlarida belgilangan va oʻz faoliyat yoʻnalishlarida koʻzlangan natijalarga erishish maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, unga koʻra tomonlar oʻzaro manfaatli munosabatlarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, hamda vakolatlari doirasidagi tadbirlarni, jumladan axborot-tahliliy faoliyatni yanada takomillashtirish boʻyicha birgalikda faoliyat yuritadilar.
Hamkorlik doirasida jahonda sodir boʻlayotgan tashqi va ichki siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning asosiy tendensiyalarini har tomonlama chuqur oʻrganish, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, mamlakatning milliy (harbiy) xavfsizligini taʼminlash, davlat mudofaa qobiliyatini oshirish, mudofaa va harbiy qurilish sohalarida davlat siyosatini sifatli amalga oshirish boʻyicha xalqaro tajribalarni oʻrganish borasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.
Imzolangan hujjatda sohaga oid milliy va xalqaro darajadagi ilmiy-uslubiy (amaliy) konferensiyalar tashkil etish va oʻtkazish, xalqaro munosabatlar boʻyicha ekspertlar va tor doiradagi mutaxassislarning oʻzaro tajriba almashuvini amalga oshirish, xodimlarning malakasini oshirish, qayta tayyorlash va amaliyotlar oʻtkazish kabi tadbirlar oʻrin olgan.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti