Senatda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan seminar oʻtkazildi
2025-01-13 18:40:00 / Yangiliklar

Yangi Konstitutsiyamizning 64-moddasida Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchi ekanligi mustahkamlab qoʻyilgan.
Hozirgi tahlikali davrda davlatimizning mustaqilligi va suverenitetini, xalqimizning tinch va erkin hayotini himoya qilish eng muhim vazifadir.
Mamlakatimiz yoshlarini harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ularning ongiga tinchlik va totuvlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash zarurligini chuqur singdirish, ularning barcha yoʻnalishlarda bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida 2024-yil 15-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻquvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Bugungi yorugʻ, musaffo osmonimiz sofligini, hozirgi tinch, osuda hayotimizni taʼminlash uchun bukilmas iroda va jasorat namunasini koʻrsatgan, Vatan uchun jonlarini fido qilgan mard va jasur ota-bobolarimizning matonatlarini hech qachon unutib boʻlmaydi. Bugungi qudratli armiyani barpo etishda ming-minglab fidoyi insonlarning ulkan xizmatlari borligini alohida qayd etish lozim.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tomonidan Vatan himoyasi, el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolari hamda ularning qaramogʻidagi shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, gʻamxoʻrlik qilish, hurmat-ehtirom koʻrsatish maqsadida ularga bir qator imtiyoz va kafolatlar berilmoqda.
Qurolli Kuchlar qoʻshinlarining doimiy jangovar shayligini taʼminlash maqsadida muntazam ravishda turli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Oʻquvlarda asosiy eʼtibor zamonaviy janglarda yangi qoʻllanilayotgan uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllashga, ularga qarshi kurashish va boshqaruvchanlik mahoratini oshirishga, strategik, operativ va operativ-taktik boʻgʻinlarda boʻlinmalar tomonidan yangi taktik harakatlar oʻzlashtirilishiga qaratilmoqda.
Bugungi kunda harbiy xizmatchilarimizning professional mahorati va obroʻ-eʼtibori jahon miqyosida ham yuksalib bormoqda. Buni mamlakatimiz Qurolli Kuchlari vakillarining soʻnggi ikki yilda nufuzli xalqaro harbiy musobaqalarda faol ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallab kelayotgani misolida yaqqol koʻrish mumkin.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida olib borilayotgan barcha islohotlar zamirida “insonni qadrlash” degan olijanob maqsad mujassam. Bu, eng avvalo, har bir fuqaroning oilasini, mahallasi tinchligini, yurt osoyishtaligini taʼminlash degani.
Bu borada Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi ham Mudofaa vazirligi, Qurolli Kuchlarimizning barcha tuzilmalari bilan amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Shu bilan birga Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmita majlislarida Qurolli Kuchlar qurilishi va uni yanada rivojlantirishning dolzarb muammolari doimiy ravishda muhokama qilinib, ushbu masalalar yuzasidan aniq takliflari aks etgan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilinib kelinmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar deparatmenti