Qarshida yoshlar bilan uchrashuv
2024-12-21 21:35:00 / Yangiliklar
Unda okrug qo‘mondonligi, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, faxriy harbiylar, umidli yosh sportchilar va viloyat Yoshlar ishlari agentligi vakillari ishtirok etdi. Muhokamalar davomida soʻz olganlar yoshlar nafaqat kelajakni, balki bugungi kundagi dolzarb masalalarni hal qilishda ham asosiy kuch ekani, barcha umidlar esa kelajak vorislariga bogʻliqligi alohida taʼkidlandi. Tadbir samimiy va ochiq muloqot ruhida bo‘lib o‘tdi.
Qizgʻin va sermazmun kechgan suhbatda yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga, xususan, harbiy xizmatchi boʻlishning oʻziga xos masʼuliyati, muddatli harbiy xizmatga borish uchun nimalar qilish kerak ekanligi va boshqa bir qator masalalar yuzasidan javob olishdi.
Oʻzaro ochiq muloqot davomida Mudofaa tizimida hozirgi kunda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor hamda milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar haqida ham toʻxtalib oʻtildi. Shuningdek, Qurolli Kuchlarimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, oliy harbiy bilim yurtlari hamda ularga kirish tartibi boʻyicha yoshlar tomonidan koʻplab savollar berildi.
Tadbir davomida ertamiz egalarini oʻylantirayotgan masalalar, aniqlangan barcha orzu va istaklarini hal etishning zarur chora-tadbirlari va ularni amalga oshirish muddatlari belgilab olindi.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi matbuot xizmati.