Yangi O‘zbekiston armiyasi — mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!
2024-12-20 16:35:00 / Yangiliklar
Toshkent viloyati Olmaliq shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi tomonidan viloyat hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston armiyasi — mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.

Tadbirda so‘z olganlar yosh avlodni vatanparvarlik va mardlik ruhida tarbiyalash, harbiy soha bilan yaqindan tanishtirishni maqsad qilib oldi. Xususan, hozirgi kunda milliy armiyamizda yaratilgan shart-sharoitlar, bugungi kunda Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarga berilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berishdi.
Festival davomida harbiy orkestr jamoasining Vatanni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari, faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari aks etgan sahna ko‘rinishlari yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat, harbiylik kasbiga hurmat tuyg‘ularini yanada oshirdi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati