Nukus harbiy sudi uchun yangi bino foydalanishga topshirildi
2024-12-20 10:10:00 / Yangiliklar

Nukus shahrida joylashgan Nukus harbiy sudi binosining tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qoʻmitasi raisi, huquqni muhofaza etish organlari, kuch tuzilmalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etishdi.
Soʻzga chiqqanlar Mamlakatimizning barcha hududlarida olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari orqali xalqimiz farovonligi taʼminlanayotgani, yurtdoshlarimizga eng zamonaviy sharoitlar yaratilayotganini taʼkidlashdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021-yilda qabul qilingan “Sudlarning binolari va xonalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan davlat dasturi” asosida 84 ta sudlar uchun 51 ta yangi bino qurish, 23 ta sudlar uchun 17 ta maʼmuriy binolarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilib, jami 107 ta sudlar zamonaviy binolar bilan taʼminlangani eʼtirof etildi.
Nukus harbiy sudi qariyb yarim gektar yer maydoniga ega boʻlib, bu yerda sudning maʼmuriy binosi, fuqarolarni qabul qilish binosi hamda alohida qozonxona bunyod etilgan. Zamonaviy dizayn va barcha qulayliklarga ega boʻlgan binoda 50 oʻrinli sud zali, sud raisi, sudyalar, advokatlar, prokurorlar xonalari, tibbiyot punkti, kutubxona, 7 ta xizmat xonasi, sudlanuvchilarni saqlash joyi hamda 8 ta sanitar tizim yaratilgan.
Eʼtiborlisi, sudning ochiqligi, shaffofligini taʼminlash, eng muhimi fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish uchun mazkur sud binosi videokonferens-aloqa tizimi, audiofiksatsiya, infokiosk, korporativ tarmoq kabi eng zamonaviy axborot-telekommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan.
Binoning tantanali ochilish marosimidan soʻng mehmonlar bu yerda yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar bilan tanishib, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirish yoʻlida Nukus harbiy sudi jamoasiga ulkan zafarlar tilab qolishdi.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati