Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda Harbiy kengash yig‘ilishlari o‘tkazildi
2024-11-21 11:40:00 / Yangiliklar
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, Vazirlar Kengashi raisi, Xorazm viloyati hokimligi rahbariyati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Chegara qo‘shinlari qo‘mondonliklari hamda Harbiy prokuratura va Bojxona qo‘mitasi masʼullari ishtirok etdi.
Yig‘ilishlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoev raisligida shu yilning 12 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, mahallalarda yoshlar tarbiyasi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yot g‘oyalar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish hamda kelgusi hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish choralarini ko‘rish masalalari ko‘tarildi.
Аyniqsa, chegara oldi hududlarida istiqomat qilayotgan aholi o‘rtasida axborot-tushuntirish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish samaradorligini yuksaltirish, ularning muammolarini o‘rganish va yechimi bo‘yicha ijobiy natijalarga erishish, yoshlarning vatanparvarlik tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratish bo‘yicha topshiriqlar belgilandi.
Yig‘ilishlarda mintaqa va jahonda ro‘y berayotgan harbiy-siyosiy vaziyat haqida batafsil maʼlumot berilib, Shimoli-g‘arbiy operatsion yo‘nalishidagi chegara va chegara oldi hududlarida kuch tuzilmalari va mahalliy hokimliklarining hamkorligini kuchaytirishga kelishib olindi hamda yig‘ilishlar yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati