“Ajdodlar merosi – o‘chmas xotira”
2024-11-05 12:05:00 / Yangiliklar
“O‘zarxiv” agentligi arxivlarida saqlanayotgan tarixiy hujjatlarga aholi, ilmiy jamoatchilikning qiziqishi kuchaydi. Buning natijasida arxivlarda saqlanayotgan boy tariximiz, boy ma’naviy merosimizning hali o‘rganilmagan hujjatlari ilmiy o‘rganildi. Islohotlar natijasida tariximizni raqamlashtirish, ya’ni arxiv hujjatlarini raqamlashtirishga e’tibor kuchaytirildi.
“O‘zarxiv” agentligi davlat arxivlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlarini nes- nobud qilmay saqlanishini ta’minlash siyosati boshqaruvini amalga oshirmoqda. Bugungi kunda tariximizga oid ko‘plab arxiv hujjatlarini o‘rganishga ilmiy tadqiqotchilar jalb etilgan, ayniqsa yosh ilmiy izlanuvchilar soni o‘tgan yillarga nisbatan oshgan.
Anjuman doirasida “O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi saqlovidagi 60 dan ziyod va O‘zbekiston Milliy arxivi saqlovidagi 20 dan ziyod arxiv ishi sohasi tarixiga oid “Tarixiy xotira” foto va arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Anjuman tantanali ochlishi oldidan ishtirokchilar arxiv ishi sohasi tarixiga bag‘ishlangan mazkur fotoko‘rgazma bilan tanishib, turli yillarda arxiv sohasining rivojlanish bosqichlarini fotolarda ko‘rib chiqdilar.
“Ajdodlar merosi — o‘chmas xotira” nomli haftalik doirasida bugungi kunda barcha hududlarda mavzuga bag‘ishlangan turkum tadbirlar, foto va arxiv hujjatlari namoyishi keng ommaga yetkazilmoqda. Xususan, O‘zbekiston arxivlarida saqlanayotgan eng qadimiy hujjatlar, jumladan, IX asrga tegishli bo‘lib, u Buxoro shohi Ismoil Somoniyning o‘z avlodlariga atab vaqf qilingan yerlar haqidagi ma’lumotlardir. Arxivlarda 1500 dan ortiq vaqf hujjatlari kolleksiyasi saqlanib, ularning eng uzuni 83 metr, eng qisqasi 20 santimetrni tashkil etadi. Tadbirlarda shu kabi ma’lumotlar keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.
Saqlanayotgan qadimiy hujjatlar asosan arab, fors-tojik va eski o‘zbek (turk), rus tillaridagi hujjatlardir. Anjumanda arxiv hujjatlari davriyligiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ular uch davrni, ya’ni tarixiy davr (1917-yilgacha bo‘lgan), Sho‘rolar davri (1917-1991-yilgacha) va Mustaqillik davri (1991-yildan hozirgi kunga qadar) tashkil etishi ta’kidlandi.
Arxivlarda 800 ming saqlov birligidan ortiq alohida qimmatli hujjatlar saqlanmoqda. Ular jumlasidan, “Vaqf hujjatlari kolleksiyasi” (IX asrdan - XX asr boshigacha), “Xiva xonlari kanselyariyasi” (XVII asr boshi - XX asr boshigacha),
“Buxoro amirligi” (XIV asr boshi - XX asr boshigacha), “Qo‘qon xonligi” (XVIII asr boshi - XIX asr oxirigacha) va boshqalar.
Saqlanayotgan hujjatlarning noyobligi va dunyo tamadduni tarixidagi o‘rnining ahamiyatli ekanligini inobatga olib, YUNESKO tomonidan 2017-yilda “Xiva xonlari kanselyariyasi” hujjatlari (20 ming saqlov birligidan ortiq) “Jahon xotirasi” dasturining Xalqaro ro‘yxatiga kiritildi.
Tadbirda arxiv ishi sohasining tarixi, millatimiz ziyolilarning boshdan kechirgan murakkab sinovlari, muvaffaqiyati, arxivlarning rivojlanishi aks ettirilgan fotoko‘rgazmalar tashkil etilmoqda. Tarix va kelajakni bog‘lovchi ushbu tantanalar shukuhi, avvalo, kimlarning ajdodlari ekanimizni, Yaratganning ezgu nazari tushgan zaminda yashayotganimizni, yaqin tariximizda nimalar bo‘ldi-yu, nimalar qilayotganimiz va albatta bu ulug‘likka munosib nimalar qilishimiz kerakligini ko‘rsatib bermoqda.
Anjumanda ma’ruzachi va so‘zga chiqqanlar avvalo arxiv ishi tarixiga yuzlangan bo‘lsa, tadbir davomida bugungi kunda dolzarb hisoblangan arxiv hujjatlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratdilar. Tadbirda turli vazirlik va idoralar xodimlari, fuqarolar, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Keksa avlod vakillari mustaqillikning ilk kunlarini yodga olib, yoshlarga uni qadrlash va e’zozlash bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti