Muborak tumani IIB boshligʻi Toyloqov Faziliddinning tuman aholisiga murojaati
2025-06-05 14:40:00 / Yangiliklar
Muborak tumani IIB boshligʻi Toyloqov Fazliddin Boynazarovichning tuman aholisiga murojaati

Hurmatli tumanimiz aholisi!
Muborak tumanida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarni kamaytirish, fuqarolarimizning xavfsizligini taʼminlash maqsadida Muborak tuman IIB tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlarning samaradorligi, albatta, siz — hurmatli fuqarolar bilan yaqin hamkorlikka bogʻliq. Shu munosabat bilan, sizlarga murojaat qilishni joiz deb bildik.
Soʻnggi paytlarda tumanimizda bank plastik kartalaridagi mablagʻlarni nomaʼlum shaxslar tomonidan noqonuniy oʻzlashtirish holatlari koʻpaymoqda. Bu — kiberjinoyatlar keng tarqalayotganini koʻrsatadi.
🟢Quyidagi usullar orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik holatlaridan ogoh boʻlishingiz juda muhim:
✅ Birinchidan, sizga begonalar yoki yashirin raqamlardan qoʻngʻiroq qilib, oʻzini “bank xodimi” yoki moliyaviy tashkilot vakili deb tanishtirib, sizga pul ajratilayotgani, fondlardan mablagʻ berilishi yoki nafaqangizni rasmiylashtirish haqida aytsa — bu gaplarga ishonmang!
❗️ Bunday suhbatlar paytida hech qachon shaxsiy maʼlumotlaringizni — pasport raqami, yuz tasviri, plastik karta maʼlumotlari yoki Telegramʼdagi profilingizni yubormang. Bu — firibgarlik!
✅ Ikkinchidan, turli notanish akkauntlar orqali sizga Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda “Akam boʻlasiz”, “Rasmdagi sizmi”, “Avtomashina gʻolibiga aylandingiz”, “Shu videoda siz bor ekansiz”, "Omadli raqam sohibiga aylandingiz" kabi vaʼdalar berilsa — hushyor boʻling! Ular shu yoʻl bilan shaxsiy maʼlumotlaringizni qoʻlga kiritishga harakat qilishadi.
✅Uchinchidan, firibgarlar maxsus dasturlar yordamida oʻz telefon raqamlarini mashhur tashkilot yoki kompaniyalar raqamiga oʻxshatib, “Qimmatbaho sovgʻa” haqida yolgʻon xabarlar yuborishlari mumkin. Bu holatda ham ular shaxsiy maʼlumotlaringizni qoʻlga kiritishga urinishadi.
Bunday holatlar natijasida telefon raqamingizga bogʻlangan bank kartangizga ruxsatsiz kirib, undagi pullarni oʻgʻirlab ketishlari yoki nomingizdan mikromoliya tashkilotlaridan kredit rasmiylashtirish orqali sizga katta qarz yuklatilish ehtimoli yuzaga keladi.
❗️Shu bois, shaxsiy maʼlumotlaringizni — plastik karta raqami, pasport seriyasi va raqami, fotosurat va boshqa maxfiy maʼlumotlarni hech kimga bermang! Har qanday “Boyib ketish” takliflarga ishonmang va qatʼiyan rad eting!
❓Agar sizga shubhali murojaat boʻlsa, quyidagilarni amalga oshiring:
✅Avvalo, suhbatni darhol toʻxtating.
✅ Shundan soʻng, darhol 102 raqamiga qoʻngʻiroq qilib, Ichki ishlar organlariga ushbu holat haqida xabar bering.
Ichki ishlar organlari tomonidan murojaat qilgan shaxs yoki tashkilotning firibgar yoki ishonchli ekani boʻyicha zarur tekshiruv ishlari amalga oshiriladi.
