O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi O‘RQ–1155-son Qonuni: korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishning yangi bosqichi
2026-07-27 17:45:00 / Yangiliklar

Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2026-yil 22-iyunda O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–1155-son **“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”**gi Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonun korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, davlat xizmatchilarining mas’uliyatini oshirish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muayyan natijalarga erishilgan bo‘lsa-da, huquqni qo‘llash amaliyotida ayrim muammolar saqlanib qolayotgan edi. Jumladan, korrupsiyaga oid jinoyatlarning yagona huquqiy ta’rifi mavjud emasligi, ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan yagona hisob yuritilmasligi hamda ayrim huquqiy bo‘shliqlar korrupsiyaning oldini olish ishlari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgan edi.
Shu munosabat bilan yangi Qonun orqali amaldagi qonunchilik takomillashtirilib, korrupsiyaga qarshi kurashishning profilaktik hamda javobgarlik mexanizmlari yanada kuchaytirildi.
O‘RQ–1155-son Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga muhim qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Avvalo, korrupsiyaga oid jinoyatlar tushunchasi aniq huquqiy mazmunga ega bo‘ldi. Bu esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan huquq normalarini bir xilda qo‘llashga xizmat qiladi.
Qonunning yana bir muhim jihati — korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri tashkil etilishidir. Ushbu reyestr davlat organlari o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash, korrupsiya uchun javobgarlikka tortilgan shaxslarning davlat xizmatiga qayta qabul qilinishi yoki mas’ul lavozimlarni egallashining oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplaens) tizimlarining huquqiy maqomi yanada mustahkamlandi. Komplaens nazorat faqat huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin emas, balki uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishga qaratilgan profilaktik mexanizm sifatida qaralmoqda.
Qonun korrupsiya haqida xabar beruvchi shaxslarning huquqiy himoyasini ham kuchaytirdi. Bu esa jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur Qonun davlat organlari va budjet tashkilotlari faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega.
Eng avvalo, har bir tashkilot korrupsiyaviy xavflarni muntazam baholab borishi, ularni kamaytirish bo‘yicha ichki chora-tadbirlarni amalga oshirishi talab etiladi. Rahbarlar va mas’ul xodimlarning shaxsiy javobgarligi yanada oshirilmoqda.
Shuningdek, kadrlarni tanlash, davlat xaridlari, shartnoma tuzish hamda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflik prinsiplariga qat’iy amal qilinishi lozim.
Komplaens xizmatlarining vakolatlari kengaytirilib, ularning mustaqilligi va ta’sirchanligi ta’minlanishi belgilandi. Bu esa tashkilotlarda korrupsiyaviy xavflarni erta aniqlash va bartaraf etish imkonini beradi.
Qonunning qabul qilinishi davlat boshqaruvida ochiqlik va hisobdorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Birinchidan, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi.
Ikkinchidan, davlat xizmatchilarining halollik va xizmat odobi talablariga rioya etishiga bo‘lgan talablar yanada kuchaytiriladi.
Uchinchidan, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, davlat xaridlari va boshqaruv qarorlarining shaffofligini ta’minlash uchun huquqiy asoslar mustahkamlanadi.
To‘rtinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish imkoniyatlari yanada kengayadi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, 2026-yil 22-iyunda qabul qilingan O‘RQ–1155-son Qonun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini yangi bosqichga olib chiqqan muhim huquqiy hujjatlardan biri hisoblanadi. Qonun nafaqat korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, balki ularning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralarni ham mustahkamladi.
Davlat organlari va tashkilotlari mazkur Qonun talablarini amaliyotga to‘liq tatbiq etishi, korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish, komplaens nazorat tizimlarini samarali tashkil etish hamda xodimlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur Qonunning izchil ijrosi davlat boshqaruvida ochiqlik, qonuniylik va adolat prinsiplarini yanada mustahkamlashga, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirishga hamda mamlakatning barqaror taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Xolmanov Bobir Rustamovich
Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi
