Muborak tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Tayloqov Fazliddin Boynazarovichning fuqarolarga murojaati
2026-02-03 16:10:00 / Yangiliklar

Hurmatli Muborak tumani aholisi!
Bugungi kunda tumanimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish va aholining tinch-osoyishta hayot kechirishini kafolatlash Ichki ishlar bo‘limining ustuvor vazifasi hisoblanadi.
Bu yo‘lda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tizimli va manzilli choralar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim huquqbuzarliklar, xususan o‘g‘rilik bilan bog‘liq holatlar fuqarolarning ehtiyotsizligi va beparvoligi sababli yuzaga kelmoqda.
Ochiq qoldirilgan eshiklar, nazoratsiz hududlar, yetarli yoritilmagan hovlilar jinoyat sodir etish uchun qulay sharoit yaratib bermoqda. Shu sababli, har bir fuqaro o‘z xonadoni va mol-mulki xavfsizligiga mas’ul ekanini unutmasligi zarur.
Oddiy, ammo samarali choralar — kechki payt hovli va ko‘chalarni yoritish, darvoza va eshiklarni mustahkam yopish, imkon bo‘lsa kuzatuv kameralarini o‘rnatish jinoyatlarning oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Hurmatli tumandoshlar!
Ichki ishlar organlari jinoyatchilikka qarshi kurashda qat’iy va murosasizdir. Biroq xavfsizlik faqatgina IIB xodimlari zimmasidagi vazifa emas.
Ogohlik, hushyorlik va o‘zaro hamkorliksiz jinoyatchilikka qarshi samarali natijaga erishib bo‘lmaydi.
Agar siz shubhali holatlar, begona shaxslar yoki qonunbuzarlik alomatlarini sezsangiz, zudlik bilan Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Sizning befarq bo‘lmasligingiz jinoyatning oldini olishga xizmat qiladi.
Unutmang, jinoyatga jazo muqarrar. Bugungi ogohlik — ertangi tinch hayotning kafolatidir.
