Mo‘ynoqda 32-sessiya bo‘lib o‘tdi
2026-03-28 19:55:00 / Yangiliklar
Xalq deputatlari Mo‘ynoq tumani Kengashining 32-sessiyasida hudud taraqqiyoti va aholining dolzarb masalalariga qaratilgan qator muhim qarorlar ko‘rib chiqildi.

Xalq deputatlari Mo‘ynoq tumani Kengashining 32-sessiyasida hudud taraqqiyoti va aholining dolzarb masalalariga qaratilgan qator muhim qarorlar ko‘rib chiqildi. “Openbudget.uz” portalida g‘olib bo‘lgan takliflarni moliyalashtirish hamda mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablag‘larini samarali yo‘naltirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Shuningdek, infratuzilma va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jamg‘armasi hisobidan mablag‘ ajratish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Sessiyada tumandagi xavfsiz muhitni mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mas’ul tashkilotlar axborot berdi. Prokuratura va ichki ishlar bo‘limi tomonidan olib borilayotgan profilaktik choralar, natijalar va kelgusidagi rejalar atroflicha tahlil qilindi. Mahallalarda “Mahalla yettiligi” faoliyati orqali muammolarni joyida hal etish mexanizmlari ham alohida e’tirof etildi.
Ta’lim va ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi masalalar ham sessiya kun tartibidan muhim o‘rin oldi. Nogironligi bo‘lgan, ta’lim muassasalariga bora olmaydigan bolalarning uyda yakka tartibda ta’lim olishi hamda ularni maxsus adabiyotlar bilan ta’minlash holati muhokama qilindi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tinglanib, atrof-muhitni asrash borasidagi vazifalar belgilab olindi.









