Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori O.M.Mannanovning MUROJAATI
2025-10-21 17:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, Aziz yurtdoshlar, tumanimiz aholisi hamda mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarliklarida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurash tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri darajasiga ko‘tardilar va amaliy ishlarga kirishildi.
Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 3 yanvar kunidagi 1-sonli “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosida tumanimizda xavfsiz muhit yaratish borasida qator chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.
Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.
Jumladan, tumanimiz mahallalaridagi aholi gavjum joylarga 755 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 65 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 123 ta, bozor va savdo markazlariga 59 ta kameralar o‘rnatildi.
O‘tgan davrda ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 682 ta domofonlar, uylarning kirish yo‘laklari oldiga 420 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi, 436 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, 1194 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.
Mahallalarda 79 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 200 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak”lar tashkil etildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda o‘tgan 9 oy davomida bosqinchilik – 4 taga (80,0 foizga), talonchilik 5 taga (71,4 foizga), o‘g‘rilik – 81 taga (45,3 foizga), firibgarlik jinoyati – 3 taga (3,2 foizga), bezorilik – 14 taga (53,8 foizga), yengil tan-jarohati yetkazish – 13 taga (59,1 foizga), o‘rtacha og‘ir tan-jarohati yetkazish –7 taga (50,0 foizga), og‘ir tan-jarohati yetkazish – 1 taga (12,5 foizga), nomusga tegish – 3 taga (100 foiz), oilaviy maishiy zo‘ravonlik – 3 taga (27,3 foizga) kamayishiga, shu davrda 41,4 foiz mahallalarda jinoyatlar sodir etilmasligiga erishildi.
Dastlabki tergov davomida qayd etib o‘tilgan jinoyatlarning oldini olish borasida o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan mahalliy yettiliklar va boshqa mutassadi tashkilot xodimlarining 124 nafariga xizmat tekshiruvlari tayinlanib, 79 nafari intizomiy javobgarlik masalasi xal etildi.
Shu o‘rinda kriminogen vaziyatimizga taʼsir ko‘rsatuvchi firibgarlik jinoyatlari borasida ham to‘xtalmoqchiman.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi taʼminlanadi hamda unga nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan taʼqib etiladi.
Bugungi kunda, bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkka tajovuz qilish bilan bog‘liq qilmishlar orasida o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish tariqasidagi jinoyatlar o‘sishi tendensiyasi kuzatilmoqda.
Firibgarlik o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yo‘li bilan qonunga xilof ravishda va tekin qo‘lga kiritishda ifodalanib, buning taʼsirida mulkdor, mulkning boshqa egasi yoki vakolatli organ mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga beradi, yoinki ushbu mulk yoki unga bo‘lgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qo‘yilishiga imkoniyat beradi.
Firibgarlik jinoyatiga oid statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Mirzo Ulug‘bek tuman hududida 2025 yil 9 oyi mobaynida firibgarlik jinoyati 90 ta (93) sodir etilib 3 taga yoki 3,2 foizga kamayishiga erishildi.
Firibgarlik jinoyatini sodir etish uslubiga ko‘ra: 27 tasi ko‘p miqdorda (29,4%), 1 tasi o‘qishga kiritib qo‘yish uchun (1,09 %), 8 tasi ishga kiritib qo‘yish uchun (8,7 %), 16 tasi avtomashina olib berish uchun (17,4 %), 4 tasi chet elga ishga yuborish uchun (4,35 %), 2 tasi kredit olib berish uchun (2,17 %), 7 tasi uy-joy olib berish uchun (7,61 %), 1 tasi chorva hayvonlarini sotish, so‘yish va olish (1,09 %), 4 tasi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun (4,35 %), 1 tasi tilla buyumlarni sotish yoki olish uchun (1,09 %), 2 tasi qarz oldi-berdisi bilan bog‘liq xolda (2,17 %) sodir etilgan.
Jinoyat sodir etgan shaxslar 49 nafarni tashkil etib, ularning yashash manzili taxliliga ko‘ra: tumanimiz fuqarolari – 11 nafar, boshqa tuman fuqarolari – 26 nafar, boshqa viloyat fuqarolari – 12 nafarni tashkil etmoqda.
Sodir etgan shaxslar taxliliga ko‘ra: voyaga yetmagan tomonidan – 1 ta, yoshlar tomonidan – 16 ta, ayollar tomonidan – 4 ta, muqaddam sudlanganlar tomonidan – 21 ta, ishsizlar tomonidan – 7 ta jinoyatlar sodir etilgan.
Firibgarlik jinoyatlari tahliliga ko‘ra jinoyatning sodir etilishiga quyidagi omillar taʼsir ko‘rsatayotganligi aniqlandi: 30,5 foizi moddiy yetishmovchilik, 28,8 foiz taʼlim-tarbiyadagi kamchilik, 17 foiz ishsizlik, 13,5 foiz huquqiy madaniyatning pastligi, 5,3 foiz profilaktik ishlari yetarli emasligi, 2,2 foiz huquqni muxofaza qiluvchi organlarning faoliyatidagi kamchiliklar.
Yoshlar tomonidan firibgarlikning sodir etilishi sababini o‘rganilganida 38,1 foiz taʼlim va tarbiyadagi sustkashlik, 32 foiz ishsizlik, 14,9 foiz huquqiy madaniyatning pastligi, 5,4 foiz moddiy yetishmovchilik, 4,1 foiz oson yo‘l bilan pul topish, 1,6 foizni ichkilik, 0,6 foiz internetning salbiy taʼsiri ekanligi aniqlandi.
Firibgarlik jinoyatlarining kamaytirish masalasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldida turgan eng muhim va ustuvor vazifalaridan bo‘lib, mazkur vazifalarni amalga oshirish samaradorligini taʼminlash ko‘proq ogoh etuvchi profilaktik chora-tadbirlarni ishlab chiqishni hamda ularni amalga oshirishda qo‘llanilayotgan firibgarlikning barvaqt profilaktikasi mexanizmini muntazam ravishda takomillashtirib borishni taqazo etadi.
Qadrli tumanimiz aholisi, jinoyat qurboni bo‘lib qolmaslik maqsadida, avvalo, ehtiyotkorlikka rioya qilishimiz, turli aldovlarga ishonib qolmasligimiz lozim. Notanish shaxslarning tekshirilmagan va ishonchsiz vaʼdalariga ishonib qolmang, plastik kartalaringiz va shaxsiy xisob raqamlaringiz haqida maʼlumotlar berib qo‘ymang!
Aziz yurtdoshlar, keling, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!!!
