Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori O.M.Mannanovning MUROJAATI
2025-09-22 16:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar, tumanimiz aholisi hamda mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarliklarida barcha sohalarda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin o‘sib borayotganiga har birimiz birdek guvoh ham bo‘lmoqdamiz.
Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.
Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning oldini olishga bevosita bog‘liqdir.
Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 3 yanvar kunidagi 1-sonli “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosida tumanimizda xavfsiz muhit yaratish borasida qator chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.
Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.
Jumladan, tumanimiz mahallalaridagi aholi gavjum joylarga 755 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 65 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 123 ta, bozor va savdo markazlariga 59 ta kameralar o‘rnatildi.
O‘tgan davrda ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 682 ta domofonlar, uylarning kirish yo‘laklari oldiga 230 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi, 436 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, 1194 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.
Mahallalarda 79 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 200 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak”lar tashkil etildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda o‘tgan 8 oy davomida bosqinchilik – 3 taga (75,0 foizga), talonchilik 5 taga (71,4 foizga), o‘g‘rilik – 71 taga (44,9 foizga), firibgarlik jinoyati – 14 taga (16,7 foizga), bezorilik – 16 taga (61,5 foizga), yengil tan-jarohati yetkazish – 13 taga (59,1 foizga), o‘rtacha og‘ir tan-jarohati yetkazish –6 taga (54,5 foizga), og‘ir tan-jarohati yetkazish – 1 taga (12,5 foizga), nomusga tegish – 2 taga (66,7 foiz)ga kamayishiga, shu davrda 25 foiz mahallalarda jinoyatlar sodir etilmasligiga erishildi.
Dastlabki tergov davomida qayd etib o‘tilgan jinoyatlarning oldini olish borasida o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan mahalliy yettiliklar va boshqa mutassadi tashkilotlar xodimlarining 116 nafariga xizmat tekshiruvlari tayinlanib, 70 nafari intizomiy javobgarlik masalasi xal etildi.
Shu o‘rinda kriminogen vaziyatimizga taʼsir ko‘rsatuvchi bezorilik jinoyatlari borasida ham to‘xtalmoqchiman.
Bezorilik jamoat tartibiga qaratilgan, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan xatti-harakat bo‘lib, umumiy jinoyatchilik orasida ko‘p sodir etiladigan jinoiy qilmishlar qatorida turadi. Sodir etilgan jinoyatlarning obyektiv va subyektiv sabablarini o‘rganish jarayonida bezorilik jinoyatlari aksariyat hollarda mastlik yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga taʼsir qiluvchi boshqa moddalar taʼsiri ostida sodir qilinayotgani maʼlum bo‘ldi. Bu esa, ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan taʼsirchan profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirishni taqozo etadi.
Bezorilik jinoyatiga oid statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2025 yil 8 oyi mobaynida 10 ta (26) jinoyat qayd qilinib o‘tgan yilga nisbatan 16 taga yoki 61,5 foizga kamaygan.
Ularning 10 tasi ham jamoat joyida, o‘zaro kelishmovchilik natijasida sodir etilgan.
Jinoyat sodir etgan shaxslar 8 nafarni tashkil etib, ularning yashash manzili taxliliga ko‘ra: tumanimiz fuqarolari – 3 nafar, boshqa tuman fuqarolari – 1 nafar, boshqa viloyat fuqarolari – 4 nafarni tashkil etmoqda.
Ushbu jinoyatlarning 4 tasi ko‘ngilochar maskanda, 1 tasi do‘kon oldida, 1 tasi kafeda, 1 tasi avtomashinada yo‘l talashish oqibatida, 3 tasi ko‘chada sodir etilgan.
Jinoyat ishlarining tahliliga ko‘ra bezorilikning sodir etilishiga quyidagi omillar taʼsir ko‘rsatayotganligi aniqlandi: 1) aybdorning o‘z kuchini ko‘rsatib qo‘yishga intilishi (38%); 2) xulq-atvori jamiyatda yurish-turish qoidalari va qonun normalarini mensimasligi (20,5 %); 3) ilgari jinoyat sodir etganlarning taʼsiri ostiga tushib qolishi (5,5 %); 4) turmushidan norozilik va boshqalardan nafratlanish (8 %); 5) boshqa motivlar (o‘ch olish, rashk, nafratlanish va b.q.) (24 %); 6) yuqoridagilardan tashqari shaxsning, ayniqsa, voyaga yetmaganlarning o‘rtoqlariga, kattalarga taqlid qilishi (7,5%) kuzatildi.
Bezorilik jinoyatini oldini olish maqsadida aholi gavjum joylarda bemaqsad yurgan 5 264 nafar shaxslar tuman IIO FMB “Saralash guruhi” ga keltirilgan.
Shuningdek, 2 ta “To‘siq” ekipajlari (YPX, PPX, Tezkor yig‘ma otryad xodimi)dan 1 tasi Markaziy-Shaxrisabz ko‘chalari va 1 ta Oqqo‘rg‘on-MKAT yo‘nalishida xizmat olib borishi tashkillashtirildi.
Bezorilik jinoyatlari eng ko‘p qayd etilgan “Nur” xamda “Shaxrisabz” mahallasi xududlari bo‘ylab “Le Grand” mexmonxona oldida patrullik yo‘nalishi tashkil etildi.
Qadrli tumanimiz aholisi, qonunlarga qatʼiy rioya etish, o‘zgalar huquqi, shaʼni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz zarur.
Shuni yana bir bor alohida qayd etamizki, jinoyatning har qanday ko‘rinishiga tezkor ravishda munosabat bildirilada, jinoyatga qo‘l urganlarga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlanadi.
Aziz yurtdoshlar, keling, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!!!
