Assalomu alaykum, Aziz yurtdoshlar, tumanimiz aholisi hamda mehmonlari!
2025-08-21 18:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, Aziz yurtdoshlar, tumanimiz aholisi hamda mehmonlari!
Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatdagi barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarning tub mohiyati, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, xalqning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilgan.
Islohotlarning natijadorligini, odamlarning tinch va osuda hayot kechirishini taʼminlashda huquq-tartibot idoralarining zimmasida katta masʼuliyat bor.
Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 3 yanvar kunidagi 1-sonli “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosida tumanimizda xavfsiz muhit yaratish borasida qator chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tumanimiz mahallalaridagi aholi gavjum joylarga 755 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 65 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 123 ta, bozor va savdo markazlariga 59 ta kameralar o‘rnatildi.
O‘tgan davrda ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 495 ta domofonlar, uylarning kirish yo‘laklari oldiga 230 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi, 234 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari, 792 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.
Mahallalarda 52 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 130 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak”lar tashkil etildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda o‘tgan 7 oy davomida bosqinchilik – 1 taga (3/2) yoki 33,3 foizga, talonchilik 2 taga (4/2) yoki 50 foizga, o‘g‘rilik – 65 taga (142/77) yoki 45,8 foizga, firibgarlik jinoyati – 12 taga (68/56) yoki 17,6 foizga, bezorilik – 13 taga (23/10) yoki 56,5 foizga, oilaviy maishiy zo‘ravonlik – 1 taga (6/5) yoki 16,7 foizga, yengil TJE – 14 taga (21/7) yoki 66,7 foizga, o‘rtacha og‘ir TJE yoki–8 taga (11/3) yoki 72,7 foizga kamayishiga, shu davrda 25 foiz mahallalarda jinoyatlar sodir etilmasligiga erishildi.
Oilaviy qadriyatlarni yaxshilash, aholi o‘rtasida o‘zaro inoqlikni kuchaytirish borasida qator ishlar amalga oshirilib kelinayotgan bir vaqtda tumanimizda 2 nafar qotillik, 5 ta oilaviy zo‘ravonlik, 17 ta turli og‘irlikdagi tan-jarohati yetkazish jinoyatlari qayd etilganligi bu boradagi ishlarni yana-da kuchaytirishimiz zarurligini ko‘rsatmoqda.
Dastlabki tergov davomida qayd etib o‘tilgan jinoyatlarning oldini olish borasida o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan mahalliy yettiliklar va boshqa mutassadi tashkilotlar xodimlarining 91 nafariga xizmat tekshiruvlari tayinlanib, 68 nafari intizomiy javobgarlik masalasi xal etildi.
Shu o‘rinda kriminogen vaziyatimizga taʼsir ko‘rsatuvchi jinoyatlarning o‘g‘irlik jinoyatlari borasida ham to‘xtalmoqchiman.
O‘g‘irlik iqtisodiyot sohasidagi eng keng tarqalgan jinoyatlardan biridir.
O‘zbekiston Respublikasining Yangi Konstitutsiyasi 65-moddasida “Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas” deb yozilgan.
Insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, shu jumladan mulkini noqonuniy tajovuzlardan himoya qilish huquqni muhofaza qiluvchi organlarning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Odamlar tinch va xotirjam yashashi uchun himoya imkoniyatlari ortib bormoqda. Birgina videokuzatuv tizimlari ko‘paytirilgani jinoyatlarning oldini olishga yoki sodir bo‘lgan jinoyatlarni “issiq izidan” ochishga ko‘maklashmoqda.
Biroq, afsuski, bu chora jinoyatlarga butunlay barham berganicha yo‘q. Chunki hali-hamon o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilmoqda.
O‘g‘irlik jinoyatiga oid statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2025 yil 7 oy mobaynida 77 ta (142) o‘g‘irlik jinoyatlari hisobga olingan bo‘lib, 65 taga yoki 45,8 % kamayishiga erishilgan.
Ularning 6 tasi xonadondan o‘g‘irlik (7,2 %), 16 tasi uyali aloqa vositasi o‘g‘irligi (19 %), 7 tasi avtomashinadan o‘g‘irlik (8,4 %), 6 tasi velosiped o‘g‘irlik (7,2 %), 3 ta ko‘p miqdorda (3,6 %), 3 ta savdo shaxobchalaridan (3,6 %), 2 ta xayvon o‘g‘riligi (2,4 %), 3 ta kissavurlik (3,6 %), 30 ta boshqa turda (53,6 %) sodir etilgan.
Jinoyat sodir etgan shaxslar 38 nafarni tashkil etib, ularning yashash manzili taxliliga ko‘ra: M.Ulug‘bek tumanida yashovchilar – 10 nafar, boshqa tuman fuqarosi – 8 nafar, boshqa viloyat fuqarolari – 20 nafarni tashkil etmoqda.
O‘g‘irlik jinoyatini oldini olish bo‘yicha tumandagi axoli gavjum joylar, chegaradosh va kriminogen xududlarida jami 92 ta obektlarga FACE-ID kameralar o‘rnatildi.
O‘g‘rilik jinoyatni oldini olish va issiq izidan ochish maqsadida tumanda joylashgan 1.547 ta ko‘p qavatli uylarning barcha yo‘laklariga qimmatbaho buyumlari, shu jumladan velosiped va kolyaskalarni qoldirmasligi bo‘yicha ogohlantiruv varaqalari 1.194 ta flayerlar yopishtirildi.
Mirzo Ulug‘bek tumanida kelgusidagi dolzarb va muhim vazifalar yuzasidan tegishli idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish belgilab olindi.
Birinchidan, jinoyatlarning oldini olish, mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.
“Endi barcha kuch va vositalarni, jinoyatlarning oqibati bilan kurashishga emas, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabab va omillarni aniqlab, bartaraf etishga safarbar qilamiz”.
Bu borada, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtibor kuchaytirilib, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilindi.
Ikkinchidan, tergov sifati yana-da oshirilmoqda, bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tekshiruv va tergov harakatlarining har tomonlama, to‘liq, eng asosiysi, xolis va qonuniy o‘tkazilishini taʼminlashga, tergov xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Uchinchidan, prokuratura organlarining barcha kuch va vositalarimiz korrupsiyaga qarshi kurashishga to‘liq safarbar qilinadi.
Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralari ko‘rilmoqda.
Qadrli tumanimiz aholisi, jinoyat qurboni bo‘lib qolmaslik maqsadida, avvalo, ehtiyotkorlikka rioya qilishimiz, turli aldovlarga ishonib qolmasligimiz lozim. Notanish shaxslarning tekshirilmagan va ishonchsiz vaʼdalariga ishonib qolmang, plastik kartalaringiz va shaxsiy xisob raqamlaringiz haqida maʼlumotlar berib qo‘ymang!
Mol-mulkingiz, ayniqsa velosiped va transport vositangizni ochiq va qarovsiz qoldirmang!
Agarda har bir fuqaro jonajon vatanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan xoli, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz. Qonunlarga qatʼiy rioya etish, o‘zgalar huquqi, shaʼni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini ham doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz yurtdoshlar, keling, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!!!
O.M.Mannanov
Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori
