Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik S.T.Mirzaraimovning tuman fuqarolariga MUROJAATI
2025-08-18 14:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik S.T.Mirzaraimovning tuman fuqarolariga MUROJAATI
Assalomu alaykum,
Hurmatli tumanimiz fuqarolari hamda mehmonlari !
Bugungi kunda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Inson qadri ulug‘lanayotgan ana shunday sharoitda mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash borasida barchamizning zimmamizdagi masʼuliyatli vazifalar yana-da ortib bormoqda.
Ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohatlar jarayonida jinoyatchilikka qarshi kurashish, uni fosh etish va barvaqt oldini olish borasidagi yondashuvlar tubdan o‘zgargani xamda jinoyatlarni yangicha uslubda tahlil etish, xodimlar ish samaradorligini ularning xizmat vazifasini sifatli va malakali darajada bajarganiga qarab baholash orqali ishimizning sifati va mazmunini yaxshilash imkonini bermoqda.
Murojaatim davomida tumanimiz hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida belgilab olingan quyidagi chora-tadbirlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tsam.
Jinoyatchilikka qarshi kurashishda asosiy eʼtiborni sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarni ilmiy yondashuv asosida o‘rganish, ularning asl sabablarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga eʼtibor qaratilmoqda.
Huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha “ijtimoiy profilaktika” tizimi orqali “mahalla yettiligi” hamkorligi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali, mahallaning o‘zida muammoli fuqarolar bilan ishlashni kuchaytirgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek tumandagi maxallalarda xavfsiz muxitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi.
Jumladan:
ü 783 ta sovuq qurol olib yurish holatlari aniqlanib maʼmuriy chora ko‘rildi;
ü 77 nafar ilgari sudlangan shahslarga nisbatan maʼmuriy nazorat o‘rnatildi;
ü 31 nafar maʼmuriy nazorat qoidasini buzish holati aniqlandi;
ü 41 nafar shaxslar Reabilitatsiya markaziga joylashtirildi;
ü 147 nafar profilaktik hisobda turgan ruhiy kasal, giyohvand va spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar shaxslar majburiy davolanishga yotqizildi;
ü 179 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga “Himoya order”lari berildi hamda tashvish tugmalari o‘rnatildi;
ü 3 699 nafar jinoyat qilishga moyil hamda jinoyatdan jabrlanish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar bo‘yicha profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla yettiligiga xulosalar berilib, ularning muammolari hal etish choralari ko‘rildi.
ü Ko‘p qavvatli uy va uning atrofiga 580 dan ortiq kuzatuv va PTZ kameralar o‘rnatildi.
ü 370 ta xonadonlar hamda 502 ta obyektlar qo‘riqlovga olindi;
Tumanimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida yuqorida keltirilgan chora-tadbirlar natijasida -
Jinoyat turlaridan bosqinchilik, talonchilik, o‘g‘rilik, firibgarlik bezorilik, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik xamda yengil va o‘rtacha tan jaroxati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarini kamayishiga erishildi.
Ichki ishlar xodimlari tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar 36 foizga yaxshilandi.
Mahalla jinoyatchiligini jilovlashga qaratilgan tadbirlar natijasida, tumandagi 70 ta mahallalarning
- 44 tasida (62,9 %) jinoyat kamaygan bo‘lsa,
- 17 tasida (24,3%) bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilayotgan bu ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan ishlar bilan bir qatorda, muammolarga to‘xtalib o‘tsam. So‘nggi vaqtlarda yangi turdagi jinoyatlar va ularni sodir etish usullari paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlarini va mol-mulkini axborot texnologiyalari yordamida yani internet hamda ijtimoiy tarmoqlar yordamida noqonuniy qo‘lga kiritish holatlari ko‘payib bormoqda.
Raqamli dunyoda yashayapmiz. Har kunimizning deyarli asosiy qismi telefon, internet xamda ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq. Bank to‘lovlarini amalga oshirishdan tortib, davlat xizmatlaridan foydalanishgacha barchasi internet orqali bajarilayotgani. Bu qulay. Lekin bu qulaylikning "ikkinchi tomoni" — axborot xavfsizligi muammosidir.
Keling ushbu axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlar, yani kiberjinoyatlarga to‘xtalib o‘tsam.
Keyingi paytlarda jinoyatchilar o‘z jinoiy qilmishlarini internetdan foydalangan holda soxta havolalar yuborish orqali tasdiqlovchi kodni qo‘lga kiritib, karta boshqaruvini egallash, onlayn savdo platformalarida turli aldovlar bilan tovar va xizmatlar uchun to‘lovni oldindan amalga oshirishga erishish, telefon qo‘ng‘iroqlari orqali bank karta boshqaruvini tasdiqlovchi kodni qo‘lga kiritish kabi usullar bilan sodir etmoqdalar.
Bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishning eng samarali usuli fuqarolarda kiberjinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirishdir. Bunda internetdan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda nomaʼlum havolalarni yuklamaslik, begona shaxslardan bo‘layotgan telefon qo‘ng‘iroqlari vaqtida shaxsingizga oid maʼlumotlarni bermaslik talab etiladi. Har birimizning axborot xavfsizligimiz o‘z qo‘limizda!
Yana bir dolzarb muammo – Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar.
Biz ichki ishlar organlari xodimlari tuman hududida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda bu illatga qarshi kurashishda, avvalambor yoshlar orasida keng tarqalishini oldini olishda tegishli tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.
Shu yilning o‘zida giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomilasi bilan bog‘liq bir necha jinoiy holatlarga chek qo‘yildi.
Tezkor tadbirlar davomida giyohvandlik moddalari va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari xujjatlashtirib olindi. Xamda aniqlangan jinoyat ishlari doirasida ushbu jinoyatga qo‘l urgan shaxslar javobgarlikka tortildi.
Bu turdagi aniqlangan giyohvandlik moddalari agar muomalaga chiqib ketganida, 10 mingdan ortiq yoshlarni zaharlashi mumkin edi.
Bugungi kunda bu turdagi jinoyatlar internet do‘konlarida, ularning administrator va operatorlari, “kladmenlar” va “zakladchiklar” orqali jinoyatlar sodir etilmoqda. Bu turdagi jinoyatlarni sodir etayotgan jinoiy guruh faoliyati xorijdan turib boshqarilishi sababli bu kabi jinoiy guruh faoliyatiga mutloq chek qo‘yishda ayrim qiyinchiliklar mavjud. Buni yashirolmaymiz.
Lekin bir narsani unutmaylik! Giyohvandlik — insoniyat qarshisida turgan eng katta muammolardan biri. U nafaqat salomatlikka, balki ijtimoiy munosabatlarga ham jiddiy zarar yetkazadi. U butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan global ofat bo‘lib, har qanday jamiyat uchun xavflidir.
Xulosa o‘rnida aytishim lozimki, giyohvandlik muammosiga qarshi kurashish uchun nafaqat davlat balki butun jamiyat birgalikda harakat qilishi va bu ishga har bir inson o‘z hissasini qo‘shishi lozim.
Agarda, Sizda shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqida maʼlumotlar bo‘lsa, bizga 102 raqami orqali yoki ishonch telefonlarimizga xabar berishingizni so‘raymiz.
Biz tomonimizdan xabar berganlarning shaxsiga doir maʼlumotlar sir saqlanishiga kafolatlanadi.
Murojaatim so‘ngida yurtimiz doimo tinch, xonadonimizda fayzu baraka bo‘lishini tilayman.
Birgalikda mahallamizni jinoyatdan holi hududga aylantiraylik.
Sog‘ va omon bo‘linglar!
