MIRZO ULUG‘BEK TUMANI HOKIMINING TUMAN AHOLISI VA TADBIRKORLARIGA MUROJAATI
2026-09-12 23:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli tumanimiz aholisi va qadrli tadbirkorlar!
Davlatimiz rahbari tomonidan hududlarda aholining yashash sharoitlari va farovonligini yanada yaxshilash, kambag‘allik darajasini izchil pasaytirish, aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikni kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish va biznes vakillari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish tuman hokimlarining asosiy va ustuvor vazifalari sifatida belgilab berildi.
Muhtaram Prezidentimizning Toshkent shahriga tashriflari davomida bergan topshiriqlaridan kelib chiqib, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi har bir ko‘cha, mahalla, maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti va ijtimoiy obyektlar bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldik.
Davlatimiz rahbari tomonidan juda muhim talab qo‘yildi:
“Har bir tuman hokimi qaysi ko‘chada, qachon, nima o‘zgarish bo‘lishini mahalliy Kengashda himoya qilib, aholiga e’lon qilishi kerak. Ana shunda odamlar har bir loyiha vaqtida topshirilishi va sifatini o‘zi talab qilib oladi”.
Men mazkur vazifani tumanimizni kompleks rivojlantirishga qaratilgan aniq va uzoq muddatli harakatlar dasturi sifatida qabul qildim.
Shu bois, bugun e’tiboringizga shunchaki reja yoki va’dalarni emas, balki har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, belgilangan muddatlar, mas’ullar va erishilishi lozim bo‘lgan natijalarni qamrab olgan amaliy rejalarimizni taqdim etmoqdaman.
Birinchidan. Mavjud muammolarni ochiq tan olamiz
Oldinga siljish uchun, avvalo, tumanimizdagi real holat va mavjud kamchiliklarni ochiq tan olishimiz kerak.
Bugungi kunda tumanda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 92,4 foizni tashkil etmoqda.
Xizmatlar hajmi yil boshidan buyon 119,7 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich tumanimizning mavjud salohiyatiga nisbatan yetarli emas.
Biz ushbu holatlarni kamchilik sifatida tan olamiz va ularni bartaraf etish uchun barcha imkoniyat va resurslarni safarbar etamiz. Bu boradagi shaxsiy mas’uliyatni to‘liq zimmamga olaman.
Ikkinchidan. Infratuzilma va obodonlashtirish
Har bir ko‘cha va mahalla kesimida infratuzilmani yaxshilash, obodonlashtirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytiramiz.
Yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan tumanimizda bir qator ko‘chalarning infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Bu yil dasturga kiritilgan Buyuk Ipak Yo‘li va Sodiq Azimov ko‘chalari bilan cheklanib qolmasdan, ishlarni Yuzrabod, Shahrisabz, Sodiq Azimov, Shastri, Yahyo G‘ulomov, Mingbuloq va Hamroyeva ko‘chalarida ham amalga oshiramiz.
Mazkur ko‘chalarda:
• 7,7 km piyodalar yo‘laklari quriladi;
• 191 ta yoritish va xavfsizlik kamerasi o‘rnatiladi;
• birinchi qavatlardagi 900 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari yagona ko‘rinishga keltiriladi;
• 12 ming kvadrat metr hudud ko‘kalamzorlashtiriladi;
• 136 ta o‘rindiq o‘rnatiladi;
• 4 ta yashil bog‘ tashkil etiladi;
• 1 ta sun’iy ko‘l barpo etiladi;
• 1 ta 24/7 gastronomik va turistik ko‘cha tashkil etiladi;
• tadbirkorlik subyektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.
Salor kanali atrofi ham obodonlashtirilib, aholi uchun sog‘lomlashtirish yo‘laklari va veloyo‘laklar tashkil etiladi.
Har bir ko‘cha bo‘yicha mas’ul hokim o‘rinbosari, pudratchi tashkilot, ishlarning boshlanish va tugash sanalari mahallaning e’lon taxtasida ochiq ko‘rsatiladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahridagi mahallalarni zamonaviy va qulay hududlarga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu asosda tumanimizning Alisherobod, Bahor, Yuzrabod, Turon va Shahrisabz mahallalarida obodonlashtirish dasturi boshlangan.
Ushbu 5 ta mahalla hamda qo‘shimcha Katta Qorasuv, Gulsanam va Humoyun mahallalarida manzilli dastur asosida obodonlashtirish ishlari yakunlanadi.
Barcha loyihalar mahalla faollari ishtirokida muhokama qilinadi.
2027-yilda esa Shahrisabz, Oqibat, Nur, Geologlar va Geofizika mahallalarida obodonlashtirish dasturi doirasidagi ishlarni boshlaymiz.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlaridan foydalanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 million so‘mdan 200 million so‘mgacha oshirildi.
Joriy yilning o‘zida 8 ta bank bilan hamkorlikda 560 ta yangi tadbirkorlik subyekti ishga tushiriladi va 1 120 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Tumandagi umumiy qiymati 132 milliard so‘mlik 10 ta davlat obyekti bo‘sh yer sifatida emas, balki tayyor loyiha ko‘rinishida savdoga chiqarildi.
Kelgusi yil Toshkent shahriga yirik miqdorda investitsiyalar jalb qilish va yuqori daromadli doimiy ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha belgilangan vazifalardan kelib chiqib, tumanimiz iqtisodiyotiga jami 1 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etamiz.
Shundan 134,3 million dollarlik alohida investitsiya rejasi orqali qo‘shimcha qiymat yaratiladi.
Beshkapa MFY va Chingeldi MFY hududlaridagi jami 31,9 gektar sanoat zonasida 68 ta tadbirkor bilan hamkorlik qilib, mavjud ish o‘rinlari sonini 2 597 tadan 3 000 tagacha yetkazamiz.
Yil yakuniga qadar:
• sanoat ishlab chiqarish hajmini 14 trillion so‘mga;
• xizmatlar hajmini 46,4 trillion so‘mga
yetkazishni ta’minlaymiz.
Natijada tumanimizni yil yakuniga qadar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirishni maqsad qilganmiz.
Bundan tashqari, tumanimizning ichki salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, Toshkent viloyatidagi aholini ham yangi va mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hisobiga ish bilan ta’minlaydigan “donor” tumanga aylantirish bo‘yicha ish olib boramiz.
Bu doirada viloyatdan 850 nafar ishsiz fuqaro jalb qilinib, tumanimizdagi 80 ta korxonaga ishga joylashtiriladi.
Yil yakuniga qadar 8 209 nafar insonni barqaror daromad manbai bilan ta’minlash vazifasini shaxsan o‘z zimmamga olaman.
To‘rtinchidan. Ta’lim, yoshlar va ijtimoiy infratuzilma
Yil yakuniga qadar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan tumanda bittadan:
• yangi maktab;
• maktabgacha ta’lim tashkiloti;
• sport majmuasi
qurilib, foydalanishga topshiriladi.
Kelgusidagi maqsadlarimiz
2026-yil yakuniga qadar belgilangan maqsadlarga erishish, 2027-yilda esa iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ekologiya yo‘nalishlarida 450 milliard so‘mlik 900 ta yangi loyihani amalga oshirib, boshlangan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilganmiz.
Hurmatli Mirzo Ulug‘bek tumani aholisi, tadbirkorlari va mahalla yettiligi vakillari!
Tuman hududidagi mavjud muammolar bo‘yicha tuman hokimligida tashkil etilgan Vaziyatlar markaziga 24/7 rejimida murojaat qilishingiz mumkin.
📞 Call-markaz: 1263
📲 Telegram: @MurojaatMU_bot
Murojaatlaringizni tezkor ravishda yuborishingizni so‘raymiz.
Aziz tumdoshlar va hurmatli ishbilarmonlar!
Yuqorida belgilangan har bir maqsad ortida tumanimiz farovonligi va xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mujassam.
Barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda, tumanimizni **“kambag‘allik va ishsizlikdan butunlay xoli hudud”**ga aylantirish hamda erishilgan natijalarni barqaror saqlab qolish uchun bor kuchimni sarflayman.
Ishonchim komilki, sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz, halol mehnatingiz va kuchli jamoatchilik nazorati bilan biz ko‘zlangan marralarga albatta erishamiz.
Birgalikda Mirzo Ulug‘bek tumanini poytaxtimizdagi eng ilg‘or, obod va namunali hududlardan biriga aylantiramiz!
Tumanimizning farovon kelajagi va yuksalishi yo‘lida barchamiz bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilaylik!
Hurmat bilan,
Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi
B. Gaibnazarov
