Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori O.M.Mannanovning MUROJAATI
2026-04-14 13:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, Aziz yurtdoshlar, tumanimiz aholisi hamda mehmonlari!
Mamlakatimizda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin o‘sib borayotganiga har birimiz birdek guvoh bo‘lmoqdamiz.
Prezidentimiz tomonidan jinoyatlarning faqat oqibatlarini emas, ularning sabablarini, huquqbuzarliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish ustuvor vazifa sifatida oldimizga qo‘yildi.
Ushbu vazifalar va muhtaram Prezidentimizning joriy yil 5 yanvar kunidagi 1-sonli “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosida jinoyatchilikni jilovlashda mutlaqo yangi mexanizm joriy etilib, bu borada nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki mahalliy davlat hokimiyati organlari, mahalla yettiligi, taʼlim, madaniyat, sog‘liqni saqlash hamda boshqa mutassadi idoralarga ham birdek masʼuliyat yuklandi.
Tumandagi 70 ta mahalla hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilishining obyektiv va subyektiv sabablari o‘rganilib, qatʼiy so‘rov tizimi belgilandi, jinoyatchilikni oldini olishning bosh mezonlaridan biri bo‘lgan aholi bandligini taʼminlash, oilalarning ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish borasida qator ishlar amalga oshirildi.
Joriy yilda ham mazkur yo‘nalishlarda ishlarni davom ettirib, bu yilda asosiy urg‘uni ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirishga qaratgan holda tumanimiz mahallalarida xavfsiz muhitni ishonchli taʼminlash bo‘yicha manzilli profilaktik chora-tadbirlar tizimini samarali joriy etish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirishni ustuvor vazifa etib belgilab, amaliy ishlarga kirishildi.
Jumladan, tumanimiz mahallalaridagi aholi gavjum joylarga 64 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 27 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 84 ta, bozor va savdo markazlariga 14 ta kameralar o‘rnatildi.
O‘tgan davrda ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 158 ta domofonlar, uylarning kirish yo‘laklari oldiga 508 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi, 196 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, 316 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.
Mahallalarda 26 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 18 ta “namunaviy xavfsiz uy”lar tashkil etildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda o‘tgan 3 oy davomida o‘g‘rilik – 8 taga (25,0 foizga), o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish- 1 taga (33,3 foizga), og‘ir tan jarohati yetkazish- 1 taga (33,3 foizga), YTH jinoyati- 2 taga (11,1 foizga), o‘lim bilan bog‘liq YTX jinoyati– 2 taga (66,7 foizga) kamayishiga, shu davrda 37,1 foiz mahallalarda jinoyatlar sodir etilmasligiga erishildi.
Dastlabki tergov davomida qayd etib o‘tilgan jinoyatlarning oldini olish borasida o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan mahalliy yettiliklar va boshqa mutassadi tashkilot xodimlarining 30 nafariga xizmat tekshiruvlari tayinlanib, 21 nafarining intizomiy javobgarlik masalasi xal etildi.
Shu o‘rinda kriminogen vaziyatimizga taʼsir ko‘rsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham to‘xtalmoqchiman.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bir qatorda hamkorlikni kuchaytirishimiz kerak bo‘lgan bir nechta jinoiy omillar mavjud, hozirda jinoyatchilikning yangi ko‘rinishlari paydo bo‘lyapti, ilgari duch kelmagan kibermaskandagi jinoyatlarning salmog‘i ortib borishi anchagina tashkiliy choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.
So‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar bir necha baravarga ko‘paygan bo‘lib, joriy yilning uch oyida sodir etilgan jami jinoyatlarning 58,0 % ni tashkil etmoqda. Ushbu yo‘nalishda aholini xabardor qilish va tushuntirish ishlarini olib borish qanchalik muhim ekanligini anglab yetdik. Ijtimoiy tarmoqlar, mahallalar telegramm kanallarida xabarlarni ko‘paytirdik. Banklar, yoqilg‘i quyish shaxobchalari va bozorlarda bukletlar tarqatilmoqda.
Bundan tashqari, barchamizning oldimizda turgan yana bir eng asosiy muammo yoshlar jinoyatchiligi bo‘lib, ushbu masalaga birgalikda jon kuydirishimiz kerak. Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora bo‘lib, jinoyatlarning sabab va omillarini ko‘zdan qochirmasligimiz kerak.
Joriy yilning 3 oyida Mirzo Ulug‘bek tumanida qayd qilingan 147 ta narkotik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning yarmini yoshlar sodir etganligi masalaning dolzarbligidan dalolat beradi. Shu sababli yoshlarni o‘z umriga zomin bo‘lmasliklari uchun jinoyat va tajovuzlardan qaytarish, ularni to‘g‘ri hayotga yetaklash, bandligini taʼminlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish choralari ko‘rib borilmoqda.
Bu borada qariyb 73 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitilib, 24 nafar yoshlarga chet tillari o‘rgatildi, 73 nafarining bandligi taʼminlanib, 98 nafarining bo‘sh vaqtlari mazmunli tashkil etildi, 35 nafar yoshlarning ijtimoiy-maishiy muammolari hal etildi.
Hurmatli fuqarolar!
Аtrofimizda yuz berayotgan voqealarga befarq bo‘lmasdan, xushyorlikni oshirib, qonunlarga qatʼiy rioya etish, o‘zgalar huquqi, shaʼni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutib, o‘zingizga va atrofdagilarga tahdid solayotgan jinoyatlar, tartibsizliklar yoki xavfsizlikka oid holatlar haqida xabar topsangiz, darhol “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
Jinoyat qurboni bo‘lib qolmaslik maqsadida, avvalo, ehtiyotkorlikka rioya qilishimiz, turli aldovlarga ishonib qolmasligimiz lozim. Notanish shaxslarning tekshirilmagan va ishonchsiz vaʼdalariga ishonib qolmang, plastik kartalaringiz va shaxsiy xisob raqamlaringiz haqida maʼlumotlar berib qo‘ymang!
