Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik I.R.Rashidovning MUROJAATI
2026-01-06 09:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum,
Hurmatli tumanimiz fuqarolari hamda mehmonlari !
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish, huquqbuzarlikni sodir etilishga sabab bo‘layotgan shart-sharoitlarni aniqlash va uni bartaraf etish orqali samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohatlar jarayonida jinoyatchilikka qarshi kurashish, uni fosh etish va barvaqt oldini olish borasidagi yondashuvlar tubdan o‘zgargani xamda jinoyatlarni yangicha uslubda tahlil etish, xodimlar ish samaradorligini ularning xizmat vazifasini sifatli va malakali darajada bajarganiga qarab baholash orqali ishimizning sifati va mazmunini yaxshilash imkonini bermoqda.
Murojaatim davomida tumanimiz hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida belgilab olingan quyidagi chora-tadbirlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tsam.
Jinoyatchilikka qarshi kurashishda asosiy e’tiborni sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarni ilmiy yondashuv asosida o‘rganish, ularning asl sabablarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga e’tibor qaratilmoqda.
Huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha “ijtimoiy profilaktika” tizimi orqali “mahalla yettiligi” hamkorligi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali, mahallaning o‘zida muammoli fuqarolar bilan ishlashni kuchaytirgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek tumandagi maxallalarda xavfsiz muxitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi.
Jumladan:
- 1 691 ta sovuq qurol olib yurish holatlari aniqlanib ma’muriy chora ko‘rildi;
- 97 nafar ilgari sudlangan shahslarga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatildi;
- 119 nafar ma’muriy nazorat qoidasini buzish holati aniqlandi;
- 53 nafar shaxslar Reabilitatsiya markaziga joylashtirildi;
- 336 nafar profilaktik hisobda turgan ruhiy kasal, giyohvand va spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar shaxslar majburiy davolanishga yotqizildi;
- 309 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga “Himoya order”lari berildi hamda tashvish tugmalari o‘rnatildi;
- 5 748 nafar jinoyat qilishga moyil hamda jinoyatdan jabrlanish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar bo‘yicha profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla yettiligiga xulosalar berilib, ularning muammolari hal etish choralari ko‘rildi.
- Ko‘p qavvatli uy va uning atrofiga 630 dan ortiq kuzatuv va PTZ kameralar o‘rnatildi.
- 627 ta xonadonlar hamda 615 ta ob’ektlar qo‘riqlovga olindi;
Tumanimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida yuqorida keltirilgan chora-tadbirlar natijasida -
Jinoyat turlaridan bosqinchilik, talonchilik, o‘g‘rilik, firibgarlik, bezorilik, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik xamda yengil va o‘rtacha tan jaroxati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarini kamayishiga erishildi.
Ichki ishlar xodimlari tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar
15,4 foizga yaxshilandi.
Mahalla jinoyatchiligini jilovlashga qaratilgan tadbirlar natijasida, tumandagi 70 ta mahallalarning
- 48 tasida (68,6 %) jinoyat kamaygan bo‘lsa,
- 17 tasida (24,3%) bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilayotgan bu ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan ishlar bilan bir qatorda, muammolarga to‘xtalib o‘tsam. So‘nggi vaqtlarda giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq yangi usullar paydo bo‘lmoqda. Biz ichki ishlar organlari xodimlari tuman hududida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda bu illatga qarshi kurashishda, avvalambor yoshlar orasida keng tarqalishini oldini olishda tegishli tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.
Shu yilning o‘zida giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomilasi bilan bog‘liq bir necha jinoiy holatlarga chek qo‘yildi.
Tezkor tadbirlar davomida giyohvandlik moddalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari xujjatlashtirib olindi. Xamda aniqlangan jinoyat ishlari doirasida ushbu jinoyatga qo‘l urgan shaxslar javobgarlikka tortildi.
Bu turdagi aniqlangan giyohvandlik moddalari agar muomalaga chiqib ketganida, 10 mingdan ortiq yoshlarni zaharlashi mumkin edi.
Bugungi kunda bu turdagi jinoyatlar internet do‘konlarida, ularning administrator va operatorlari, “kladmenlar” va “zakladchiklar” orqali jinoyatlar sodir etilmoqda. Bu turdagi jinoyatlarni sodir etayotgan jinoiy guruh faoliyati xorijdan turib boshqarilishi sababli bu kabi jinoiy guruh faoliyatiga mutloq chek qo‘yishda ayrim qiyinchiliklar mavjud. Buni yashirolmaymiz.
Lekin bir narsani unutmaylik! Giyohvandlik — insoniyat qarshisida turgan eng katta muammolardan biri. U nafaqat salomatlikka, balki ijtimoiy munosabatlarga ham jiddiy zarar yetkazadi. U butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan global ofat bo‘lib, har qanday jamiyat uchun xavflidir.
Xulosa o‘rnida aytishim lozimki, giyohvandlik muammosiga qarshi kurashish uchun nafaqat davlat balki butun jamiyat birgalikda harakat qilishi va bu ishga har bir inson o‘z hissasini qo‘shishi lozim.
Yana bir dolzarb muammo – transport vositasini olib qochish bilan bog‘liq jinoyatlardir.
Bu turdagi jinoyatlar oxirgi yillarda keskin kamaygan bo‘lsada, lekin sodir etilgan bitta jinoyat ham o‘z sadosini beradi.
Joriy yilda Mirzo Ulug‘bek tumanida 5 ta transport vositasini olib qochish jinoyatlari sodir etilgan bo‘lib, shularning 5 tasida ham avtomashina ochiq holatda va kaliti o‘zida qoldirilganligi natijasida sodir etilishiga zamin yaratilgan.
Mazkur turdagi jinoyatlarni sodir etganlarning 1 nafari voyaga yetmagan hisoblanadi va u bu jinoyatni qiziquvchanligi, qaysidir ma’noda bunga sharoit yaratilganligini inobatga olib, manziliga yetib olish maqsadida sodir etganligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, transport vositalari olib qochilishiga o‘zimiz sababchi bo‘lib qolmaylik. Fuqarolarimizdan kalitlarni o‘t oldirgichda qoldirmasdan, eshiklarni kalit bilan qulflashlarini so‘rab qolamiz. Agarda, Sizda shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqida ma’lumotlar bo‘lsa, bizga
102 raqami orqali yoki ishonch telefonlarimizga zudlik bilan xabar berishingizni so‘raymiz.
Biz tomonimizdan xabar berganlarning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolatlanadi.
Murojaatim so‘ngida yurtimiz doimo tinch, xonadonimizda fayzu baraka bo‘lishini tilayman.
Birgalikda mahallamizni jinoyatdan holi hududga aylantiraylik.
Sog‘ va omon bo‘linglar!
E’tiboringiz uchun rahmat!
