Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori O.M.Mannanovning MUROJAATI
2025-12-20 11:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, Aziz yurtdoshlar, tumanimiz aholisi hamda mehmonlari!
Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida mamlakatdagi barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarning tub mohiyati, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, xalqning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilgan.
Muhtaram Prezidentimizning 03.01.2025 yildagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-sonli Qarori bilan jinoyatchilikni jilovlashda mutlaqo yangi mexanizm joriy etilib, bu borada nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki mahalliy davlat hokimiyati organlari, mahalla yettiligi, taʼlim, madaniyat, sog‘liqni saqlash hamda boshqa mutassadi idoralarga ham birdek masʼuliyat yuklandi.
Mazkur qaror sohada bir qator ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda ko‘mak bo‘lib, aniq va manzilli ishlarni tashkil etishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jumladan, tumanimiz mahallalaridagi aholi gavjum joylarga 1.071 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 96 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 226 ta, bozor va savdo markazlariga 106 ta kameralar o‘rnatildi.
O‘tgan davrda ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 969 ta domofonlar, uylarning kirish yo‘laklari oldiga 436 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi, 526 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, 1.331 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.
Mahallalarda 133 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 295 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak”lar tashkil etildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda o‘tgan 11 oy davomida bosqinchilik – 2 taga (40,0 foizga), talonchilik 5 taga (62,5 foizga), o‘g‘rilik – 62 taga (29,8 foizga), firibgarlik jinoyati – 20 taga (14,3 foizga), yengil tan-jarohati yetkazish – 12 taga (48,0 foizga), o‘rtacha og‘ir tan-jarohati yetkazish –9 taga (42,9 foizga), oilaviy maishiy zo‘ravonlik – 2 taga (15,3 foizga), o‘lim bilan bog‘liq YTX jinoyati – 5 taga (41,7 foizga), qotillik – 2 taga (50,0 foizga) kamayishiga, shu davrda 10,0 foiz mahallalarda jinoyatlar sodir etilmasligiga erishildi.
Dastlabki tergov davomida qayd etib o‘tilgan jinoyatlarning oldini olish borasida o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan mahalliy yettiliklar va boshqa mutassadi tashkilotlar xodimlarining 135 nafariga xizmat tekshiruvlari tayinlanib, 102 nafarining intizomiy javobgarlik masalasi xal etildi.
Oilaviy qadriyatlarni yaxshilash, aholi o‘rtasida o‘zaro inoqlikni kuchaytirish borasida qator ishlar amalga oshirilib kelinayotgan bir vaqtda tumanimizda 2 nafar qotillik, 11 ta oilaviy zo‘ravonlik, 35 ta turli og‘irlikdagi tan-jarohati yetkazish jinoyatlari qayd etilganligi bu boradagi ishlarni yana-da kuchaytirishimiz zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu o‘rinda kriminogen vaziyatimizga taʼsir ko‘rsatuvchi jinoyatlardan biri bo‘lgan, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatlari borasida ham to‘xtalmoqchiman.
Mamlakatimizda ayollarning huquqlari, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini oiladagi tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilishning institutsiyaviy hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur turdagi jinoyatiga oid statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, joriy yilning 11 oyi mobaynida tumanimizda 11 ta shaxsga nisbatan 11 ta oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyati hisobga olingan bo‘lib, 2024 yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 2 taga yoki 15,3 % ga kamayishiga erishildi.
Jinoyat sodir etganlarni asosan ishsiz erkaklar (8 nafari), 31-45 yoshli shaxslar tashkil etadi.
Oilaviy zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlikka qarshi kurashish uchun, jabrlanuvchilarni himoya qilish, ularni jamiyatga qayta integratsiyasi, profilaktika ishlarini keng jamoatchilikka yetkazish va huquqiy ongni oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olishimiz zarur.
Jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish, inson shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ushbu illatlarga qarshi kurashda eng muhim omillardan sanaladi. Oilaviy zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlikka qarshi kurashishda davlat va nodavlat tashkilotlari, jamoatchilik va har bir fuqaroning hamkorligi zarur.
Ayniqsa, ichki ishlar organlari xodimlari tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishda birinchi bo‘g‘inlardan biri bo‘lib, xodimlarning malakasi va zo‘ravonlik sodir etilgan hollarda amalga oshirilgan dastlabki harakatlari katta ahamiyatga egadir.
Joylarda aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularni tezkorlik bilan bartaraf etish, muhtoj oilalarni qo‘llab - quvvatlash, ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi davlat organlarining doimiy eʼtiborida bo‘lsa, mazkur turdagi jinoyatlarning oldini olishda ko‘zlangan maqsadga erishamiz!
Qadrli tumanimiz aholisi, qonunlarga qatʼiy rioya etish, o‘zgalar huquqi, shaʼni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz yurtdoshlar, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etishga o‘z hissamizni qo‘shaylik!!!
