Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik I.R.Rashidovning MUROJAATI
2025-12-09 09:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum,
Hurmatli tumanimiz fuqarolari hamda mehmonlari !
Jamiyatda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi bo‘yicha Respublikada yaxlit huquqiy tizim yaratilgan bo‘lib, unda ichki ishlar organlari muhim o‘rin egallaydi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash, yurtimizda jinoyatchilikning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini bermoqda.
Ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohatlar jarayonida jinoyatchilikka qarshi kurashish, uni fosh etish va barvaqt oldini olish borasidagi yondashuvlar tubdan o‘zgargani xamda jinoyatlarni yangicha uslubda tahlil etish, xodimlar ish samaradorligini ularning xizmat vazifasini sifatli va malakali darajada bajarganiga qarab baholash orqali ishimizning sifati va mazmunini yaxshilash imkonini bermoqda.
Murojaatim davomida tumanimiz hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida belgilab olingan quyidagi chora-tadbirlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tsam.
Jinoyatchilikka qarshi kurashishda asosiy e’tiborni sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarni ilmiy yondashuv asosida o‘rganish, ularning asl sabablarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga e’tibor qaratilmoqda.
Huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha “ijtimoiy profilaktika” tizimi orqali “mahalla yettiligi” hamkorligi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali, mahallaning o‘zida muammoli fuqarolar bilan ishlashni kuchaytirgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek tumandagi maxallalarda xavfsiz muxitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi.
Jumladan:
- 1 494 ta sovuq qurol olib yurish holatlari aniqlanib ma’muriy chora ko‘rildi;
- 108 nafar ilgari sudlangan shahslarga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatildi;
- 77 nafar ma’muriy nazorat qoidasini buzish holati aniqlandi;
- 53 nafar shaxslar Reabilitatsiya markaziga joylashtirildi;
- 220 nafar profilaktik hisobda turgan ruhiy kasal, giyohvand va spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar shaxslar majburiy davolanishga yotqizildi;
- 286 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga “Himoya order”lari berildi hamda tashvish tugmalari o‘rnatildi;
- 5 270 nafar jinoyat qilishga moyil hamda jinoyatdan jabrlanish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar bo‘yicha profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla yettiligiga xulosalar berilib, ularning muammolari hal etish choralari ko‘rildi.
- Ko‘p qavvatli uy va uning atrofiga 615 dan ortiq kuzatuv va PTZ kameralar o‘rnatildi.
- 583 ta xonadonlar hamda 594 ta ob’ektlar qo‘riqlovga olindi;
Tumanimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida yuqorida keltirilgan chora-tadbirlar natijasida -
Jinoyat turlaridan bosqinchilik, talonchilik, o‘g‘rilik, firibgarlik, qotillik, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik xamda yengil va o‘rtacha tan jaroxati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarini kamayishiga erishildi.
Ichki ishlar xodimlari tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar 19,4 foizga yaxshilandi.
Mahalla jinoyatchiligini jilovlashga qaratilgan tadbirlar natijasida, tumandagi 70 ta mahallalarning
- 52 tasida (74,3 %) jinoyat kamaygan bo‘lsa,
- 15 tasida (21,4%) bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilayotgan bu ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan ishlar bilan bir qatorda, muammolarga to‘xtalib o‘tsam. So‘nggi vaqtlarda yangi turdagi jinoyatlar va ularni sodir etish usullari paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini va mol-mulkini axborot texnologiyalari yordamida yani internet hamda ijtimoiy tarmoqlar yordamida noqonuniy qo‘lga kiritish holatlari ko‘payib bormoqda.
Raqamli dunyoda yashayapmiz. Har kunimizning deyarli asosiy qismi telefon, internet xamda ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq. Bank to‘lovlarini amalga oshirishdan tortib, davlat xizmatlaridan foydalanishgacha barchasi internet orqali bajarilayotgani. Bu qulay. Lekin bu qulaylikning "ikkinchi tomoni" — axborot xavfsizligi muammosidir.
Keling ushbu axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlar, yani kiberjinoyatlarga to‘xtalib o‘tsam.
Keyingi paytlarda jinoyatchilar o‘z jinoiy qilmishlarini internetdan foydalangan holda soxta havolalar yuborish orqali tasdiqlovchi kodni qo‘lga kiritib, karta boshqaruvini egallash, onlayn savdo platformalarida turli aldovlar bilan tovar va xizmatlar uchun to‘lovni oldindan amalga oshirishga erishish, telefon qo‘ng‘iroqlari orqali bank karta boshqaruvini tasdiqlovchi kodni qo‘lga kiritish kabi usullar bilan sodir etmoqdalar.
Bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishning eng samarali usuli fuqarolarda kiberjinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirishdir. Bunda internetdan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda noma’lum havolalarni yuklamaslik, begona shaxslardan bo‘layotgan telefon qo‘ng‘iroqlari vaqtida shaxsingizga oid ma’lumotlarni bermaslik talab etiladi. Har birimizning axborot xavfsizligimiz o‘z qo‘limizda!
Yana bir dolzarb muammo – transport vositasini olib qochish bilan bog‘liq jinoyatlardir.
Bu turdagi jinoyatlar oxirgi yillarda keskin kamaygan bo‘lsada, lekin sodir etilgan bitta jinoyat ham o‘z sadosini beradi.
Joriy yilda Mirzo Ulug‘bek tumanida 5 ta transport vositasini olib qochish jinoyatlari sodir etilgan bo‘lib, shularning 5 tasida ham avtomashina ochiq holatda va kaliti o‘zida qoldirilganligi natijasida sodir etilishiga zamin yaratilgan.
Mazkur turdagi jinoyatlarni sodir etganlarning 1 nafari voyaga yetmagan hisoblanadi va u bu jinoyatni qiziquvchanligi, qaysidir ma’noda bunga sharoit yaratilganligini inobatga olib, manziliga yetib olish maqsadida sodir etganligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, transport vositalari olib qochilishiga o‘zimiz sababchi bo‘lib qolmaylik. Fuqarolarimizdan kalitlarni o‘t oldirgichda qoldirmasdan, eshiklarni kalit bilan qulflashlarini so‘rab qolamiz. Agarda, Sizda shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqida ma’lumotlar bo‘lsa, bizga 102 raqami orqali yoki ishonch telefonlarimizga zudlik bilan xabar berishingizni so‘raymiz.
Biz tomonimizdan xabar berganlarning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolatlanadi.
Murojaatim so‘ngida yurtimiz doimo tinch, xonadonimizda fayzu baraka bo‘lishini tilayman.
Birgalikda mahallamizni jinoyatdan holi hududga aylantiraylik.
Sog‘ va omon bo‘linglar!!!!!!!!
E’tiboringiz uchun rahmat!
I.R.Rashidov
Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik
