Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori O.M.Mannanovning MUROJAATI
2025-11-26 10:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, Aziz yurtdoshlar, tumanimiz aholisi hamda mehmonlari!
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilgan izchil islohotlar natijasida huquqbuzarliklar profilaktikasining samarali tizimi yaratildi. Bu esa mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish hamda kriminogen vaziyatni barqaror saqlashda ijobiy natijalar bermoqda.
Barchamizga maʼlumki, huquqbuzarlikni oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashdir. Shu bois, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini yana-da takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 3 yanvar kunidagi 1-sonli “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosida tumanimizda xavfsiz muhit yaratish borasida qator chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.
Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.
Jumladan, tumanimiz mahallalaridagi aholi gavjum joylarga 1.071 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 96 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 226 ta, bozor va savdo markazlariga 106 ta kameralar o‘rnatildi.
O‘tgan davrda ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 969 ta domofonlar, uylarning kirish yo‘laklari oldiga 436 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi, 526 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, 1.331 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.
Mahallalarda 84 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 230 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak”lar tashkil etildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda o‘tgan 10 oy davomida bosqinchilik – 2 taga (40,0 foizga), talonchilik 5 taga (71,4 foizga), o‘g‘rilik – 60 taga (31,3 foizga), firibgarlik jinoyati – 8 taga (6,6 foizga), bezorilik – 9 taga (32,1 foizga), yengil tan-jarohati yetkazish – 13 taga (56,5 foizga), o‘rtacha og‘ir tan-jarohati yetkazish –8 taga (47,1 foizga), nomusga tegish – 1 taga (25,0 foiz), oilaviy maishiy zo‘ravonlik – 4 taga (16,6 foizga), o‘lim bilan bog‘liq YTX jinoyati – 3 taga (33,3 foizga) kamayishiga, shu davrda 19,6 foiz mahallalarda jinoyatlar sodir etilmasligiga erishildi.
Dastlabki tergov davomida qayd etib o‘tilgan jinoyatlarning oldini olish borasida o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan mahalliy yettiliklar va boshqa mutassadi tashkilot xodimlarining 159 nafariga xizmat tekshiruvlari tayinlanib, 83 nafarining intizomiy javobgarlik masalasi xal etildi.
Shu o‘rinda kriminogen vaziyatimizga taʼsir ko‘rsatuvchi jinoyatlardan biri bo‘lgan, talonchilik jinoyatlari borasida ham to‘xtalmoqchiman.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasida: “Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, isteʼmolchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi taʼminlanadi. Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas” –deb belgilab qo‘yilgan.
Talon-taroj qilish- bu birovning mulkini o‘zining yoki boshqa shaxslarning foydasi uchun, mulkdorga yoki ushbu mulkning boshqa egasiga zarar keltirib, qonunga xilof ravishda, bepul olib qo‘yishda ifodalanadi.
Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar orasida talonchilik jinoyati o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, ushbu turdagi jinoyatlarning oldini olish borasidagi chora-tadbirlarning aniq va sifatli darajada ishlab chiqilishi lozimligini taqozo etadi.
Binobarin, talonchilik jinoyatlarining oldini olishda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar tomonidan zarur bo‘lgan doimiy hamkorlik ijobiy natijalarga erishish uchun imkon yaratadi.
Talonchilik jinoyatiga oid statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Mirzo Ulug‘bek tuman hududida 2025 yil 10 oyi mobaynida talonchilik jinoyati 2 ta (7) sodir etilib 5 taga yoki 71,4 foizga kamayishiga erishildi.
Jinoyat sodir etgan shaxslar 2 nafarni tashkil etib, ularning yashash manzili taxliliga ko‘ra: 2 nafari ham tumanimiz fuqarolarini tashkil etmoqda.
Talonchilik jinoyatlarini kamaytirish masalasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldida turgan eng muhim va ustuvor vazifalaridan bo‘lib, mazkur jinoyatlarining oldini olishning asosiy chora-tadbirlari jumlasiga: ilgari sudlanganlarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, fuqarolarning huquqiy madaniyati va ongini yana-da yuksaltirish hamda ijtimoiy faolligini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan xalqning ishonchini oshirish, ilgari sudlanganlarga (ayniqsa, yoshlarga) murabbiylar biriktirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, muqaddam sudlangan maʼmuriy nazorat ostiga tushuvchi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat o‘rnatishni taqazo etadi.
Qadrli tumanimiz aholisi, talonchilik jinoyati sodir etilishiga yordam beradigan shart-sharoitlardan yana biri bu mulkning yetarli darajada himoyalanmaganligi, mulkdorlarning beparvoligi va mol-mulkni saqlash borasida tegishli qoidalarga rioya qilmaganligi sabab bo‘ladi. Jinoyat qurboni bo‘lib qolmaslik maqsadida, avvalo, ehtiyotkorlikka rioya qilishimiz, shaxsiy buyumlarimiz va mol-mulkimizni yetarli darajada himoya qilishimiz hamda beparvolikka berilmasligimiz lozim!
Har bir fuqaroda jinoyatchilikka qarshi imunitetni bolalikdan shakllantirishga eʼtibor qaratishimiz lozim.
Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, jinoyatlarni oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzarlikka imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb, xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Aziz yurtdoshlar, tumanimizni jinoyatchilikdan holi va xavfsiz hududga aylantira olsak maqsadimizga yetgan bo‘lamiz!!!
