Oila mustahkamligi — jamiyat tayanchi
2026-04-29 19:35:00 / Yangiliklar
Mirzaobod tumani hokimi Abduraxim Umarov boshchiligida ajrim yoqasidagi oilalar bilan ishlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda farzandlar manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama etildi.
Tadbir davomida tumandagi ajrim yoqasida turgan oilalarning muammolari atroflicha o‘rganilib, ularni bartaraf etish, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni saqlash va o‘zaro hurmatni mustahkamlash yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, shar’iy nikoh asosida yashab kelayotgan oilalar bilan suhbat o‘tkazilib, nikohlarni qonun doirasida rasmiylashtirishning ahamiyati, oila a’zolarining huquqiy himoyasini ta’minlashda qonuniy nikohning o‘rni haqida tushunchalar berildi.
Yig‘ilishda aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan fuqarolar bilan ham alohida muhokamalar o‘tkazildi. Mas’ullar tomonidan farzand ta’minoti har bir ota-onaning qonuniy va ma’naviy burchi ekani ta’kidlanib, bu borada mas’uliyatni kuchaytirish yuzasidan ogohlantirishlar berildi.
Tadbir yakunida mutasaddilar tomonidan har bir murojaat va muammo yuzasidan manzilli ishlar olib borilishi, oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy muhofazasini ta’minlash choralari izchil davom ettirilishi qayd etildi.






