“Halollik va adolat – korrupsiyaga qarshi asosiy qurol”
2026-04-03 11:55:00 / Yangiliklar
Anontatsiya: Mazkur maqolada halollik va adolat qadriyatlarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi o‘rni chuqur yoritiladi. Unda jamiyatda halol muhitni qaror toptirish va adolat mezonlariga amal qilish orqali korrupsion holatlarning oldini olish mumkinligi asoslab berilgan. Shu bilan birga, yosh avlodda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati ochib beriladi.
Korrupsiya – bu illatga qarshi hozirda yurtimizda ayovsiz kurash olib borilmoqda. Buning isboti sifatida hozirda olib borilayotgan muhim islohotlarni ko‘rishimiz mumkin. Qonun ustuvor bo‘lgan yurtda esa adolat ta’minlanadi va albatta bunday jamiyatda korrupsiyaga o‘rin qolmaydi. Adolat mavjud bo‘lgan tizimda har qanday qaror shaffof va asosli qabul qilinadi, bu esa noqonuniy manfaat izlash imkoniyatini kamaytiradi.
Korrupsiyani bartaraf etish faqatgina qonunchilik choralariga bog‘liq emas. Bu borada eng muhim omillardan biri — jamiyatda sog‘lom axloqiy muhitni shakllantirishdir. Ayniqsa, yosh avlod tarbiyasida halollik, mas’uliyat va vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantirish katta ahamiyatga ega. Chunki bugungi yoshlar ertangi jamiyatni barpo etuvchilardir.
Shuningdek, fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish ham muhim vazifa hisoblanadi. O‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi bilgan inson korrupsiyaga nisbatan loqayd bo‘lmaydi, aksincha unga qarshi faol pozitsiya egallaydi. Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash esa jamiyat ishonchini mustahkamlaydi va korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, halollik va adolat korrupsiyaga qarshi kurashda eng kuchli vositalardan biridir. Ushbu qadriyatlarni keng targ‘ib qilish va amalda qo‘llash orqali adolatli, barqaror hamda korrupsiyadan xoli jamiyatni shakllantirish mumkin. Har bir inson o‘z hayotida halollik va adolatni ustuvor deb bilsa, bu yo‘lda sezilarli natijalarga erishiladi.
Sirdaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayati sudyasi J.Jabbarov

