Bitiruvchi yoshlar bandligini taʼminlash masalasi muhokama qilindi
2025-10-09 15:00:00 / Yangiliklar
Mirzaobod tumanida joriy yilda oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlarning bandligini taʼminlash masalasi yuzasidan tuman hokimi Abduraxim Umarov boshchiligida muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, joriy yilda tumanda 451 nafar bitiruvchi yosh oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan. Shundan:
204 nafari doimiy ish o‘rniga joylashtirilgan,
33 nafari YATT, MCHJ va boshqa o‘zini o‘zi band qilish yo‘nalishlarida faoliyat yuritmoqda,
10 nafari mehnat migratsiyasiga ketgan,
16 nafari o‘qishni keyingi bosqichda davom ettirmoqda,
15 nafari turmushga chiqqan,
9 nafari bola tarbiyasi bilan band.
Hozirda esa 164 nafar bitiruvchi yosh ish bilan taʼminlanmaganligi qayd etildi.
Tuman hokimi masʼul tashkilot rahbarlariga ushbu yoshlarni bandlikka jalb etish bo‘yicha aniq choralar belgilash, har bir bitiruvchi bilan yakka tartibda ishlash va natijadorlikni taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi.






