Mirishkor tumani prokurori Sardor Nazarovning tuman aholisiga murojaati
2025-09-05 12:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli yurtdoshlar!
Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va aholi xavfsizligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning 3-yanvar kuni qabul qilingan qaror bilan mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, 5-mart kuni Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida prokuratura organlariga jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi qat’iy kurashish bo‘yicha muhim vazifalar topshirildi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizda ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, uyushmagan yoshlarni ijtimoiy hayotga jalb etish, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida samarali tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, mahallalar, ta’lim muassasalari, bozorlar, savdo majmualari, ko‘p qavatli uylar va jamoat joylarida zamonaviy texnika vositalari o‘rnatilib, huquqbuzarliklarni oldini olish va jinoyatchilikni jilovlash yo‘lida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar!
So‘nggi paytlarda firibgarlikning turli ko‘rinishlari, jumladan, chorva mollari o’g’riligi va plastik kartalardan noqonuniy mablag‘ yechish holatlari ko‘paymoqda. Afsuski, internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqatilayotgan turli xil “yutuqli o‘yinlar”, oldindan to‘lov talab qiluvchi “onlayn do‘konlar”, “bola puli”, “nafaqa” yoki “hayriya mablag‘lari tarqatilmoqda” kabi yolg‘on xabarlar ortidan ko‘plab fuqarolarimiz aldanmoqda. Shu bois Sizlardan bank plastik kartalaringiz ma’lumotlarini sir saqlashingizni, shubhali xabarlarga ishonib qolmasligingizni, bu boradagi targ‘ibot tadbirlariga bee’tibor bo‘lmasligingizni qat’iy so‘rab qolamiz.
Fuqarolarimiz uchun muhim profilaktik tavsiyalar:
- Mobil telefon yoki boshqa qurilmangizga ilovalarni faqat rasmiy manbalar — Android tizimi uchun Google Play, iOS tizimi uchun App Store orqali yuklab oling.
- Norasmiy manbalardan tarqatilayotgan .apk fayllarni, jumladan: “SudQarori.apk”, “OR Markaziy Banki.apk”, “Rasmlar.apk”, “MIBdan qarzdorlik.apk” kabi fayllarni ochmang va ularga ishonmang.
- Xonadoningizdagi mol-mulk, xususan, chorva mollaringizni ham e’tiborsiz qoldirmang, ularning xavfsizligini ta’minlang.
Shu o‘rinda barchangizni jinoyatchilikni oldini olish va uni bartaraf etishda faol hamkorlikka chaqiramiz. Zero, jinoyatlarning fosh etilishi va oldini olishda xalqimizning ogohligi, tashabbuskorligi va daxldorlik hissi beqiyos ahamiyat kasb etadi. Qonun ustuvor bo‘lgan yurtimizda jinoyat sodir etgan shaxslarning jazolanishi muqarrarligi qonunlarimizda kafolatlangan. Ayniqsa, raqamli iqtisodiyot shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlarining aksariyati axborot texnologiyalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotganligi kuzatilmoqda. Shuni unutmangki, prokuratura organlari jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga qat’iy qonuniy chek qo‘yadi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Barchamizning ogohligimiz, hushyorligimiz va qonunga bo‘lgan hurmatimiz — yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlovchi muhim omillardandir.
Hurmat bilan,
Sardor Nazarov
Mirishkor tumani prokurori
