Prokuror murojaati
2025-07-08 19:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Bugungi raqamli asrda taraqqiyot bilan bir qatorda, afsuski, kiberjinoyatlar — ya’ni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlari ham ortib bormoqda.
So‘nggi vaqtlarda Mirishkor tumanida fuqarolarimizga tegishli bank plastik kartalaridan pul mablag‘larini ruxsatsiz yechib olish, shaxsiy axborotlarni qalbakilashtirish va ularni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishga qaratilgan noqonuniy harakatlar ko‘payganini afsus bilan ta’kidlaymiz.
2025 yilning 1-yarim yilligida tumanda 36 ta kiberjinoyat aniqlanib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 57 foizga oshgan. Bu esa, axborot xavfsizligiga oid tahdidlarning kundan-kunga jiddiylashayotganidan dalolat beradi.
Fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquqlarini, mol-mulk daxlsizligini va shaxsiy ma’lumotlarining maxfiyligini ta’minlash biz — huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ustuvor vazifalaridan biridir.
Fuqarolarga quyidagi profilaktik tavsiyalarni eslatib o‘tishni muhim deb hisoblaymiz:
Ilova yuklab olishda ehtiyot bo‘ling!
Mobil telefon yoki boshqa qurilmangizga dasturlarni faqat rasmiy manbalar — Android tizimi uchun “Google Play”, iOS qurilmalari uchun “App Store” orqali yuklab oling. Norasmiy manbalar orqali tarqatilayotgan .apk fayllar zararli dastur bo‘lishi mumkin.
Qurilmalarni yangilab boring!
Kompyuter va mobil qurilmangizdagi operatsion tizimlar va axborot xavfsizligi (antivirus) dasturlarini muntazam yangilab boring. Bu kiberxavflardan himoyalanishda asosiy omillardan biridir.
Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali kelayotgan fayllarga nisbatan hushyor bo‘ling!
Telegram, WhatsApp va shunga o‘xshash messenjerlarda siz tanimaydigan manbalardan yuborilgan, ayniqsa .apk kabi kengaytmali fayllarni ochmang, darhol o‘chirib tashlang.
Ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqing!
Shaxsiy akkauntlaringiz (Telegram, Instagram, Gmail va boshqalar) uchun ikki bosqichli himoya tizimini (2FA) yoqish orqali hisoblaringizni firibgarlar hujumidan saqlang.
Shaxsiy ma’lumotlaringizni sir tuting!
Hech qachon uchinchi shaxslarga, hatto telefon orqali ham, bank kartangiz raqami, parolingiz, pasport seriyasi va raqami, SMS orqali kelgan tasdiqlovchi kodlar kabi shaxsiy va moliyaviy axborotlaringizni bermang. Rasmiy bank xodimlari bu ma’lumotlarni telefon orqali hech qachon so‘ramaydi.
Shubhali qo‘ng‘iroq yoki xabarlarga nisbatan ogoh bo‘ling!
Agar o‘zingizni bank xodimi, huquq-tartibot organi vakili yoki davlat idorasi nomidan tanishtirgan shaxsdan shubhalansangiz — darhol 102 raqamiga murojaat qiling. Firibgarlar ko‘pincha ishonchli so‘zlar va bosim bilan ma’lumot talab qiladi. Bunday holatlarda o‘zingizni yo‘qotmang!
Esingizda bo‘lsin!
Firibgarlarning yondashuvi tobora takomillashib bormoqda — ular raqamli hiyla-nayranglar, yolg‘on havolalar, feyk xabarlar, hatto sun’iy intellektdan ham foydalanishga urinmoqda. Ammo sizning ehtiyotkorligingiz, huquqiy savodxonligingiz va texnologik ogohligingiz ularning barcha rejalari barbod bo‘lishining kafolatidir.
Mirishkor tumanida osoyishtalik, fuqarolarimizning mol-mulk xavfsizligi — jamiyatimiz barqarorligining asosi. Keling, jinoyatchilikka, ayniqsa zamonaviy firibgarlik shakllariga qarshi birgalikda kurashaylik.
Hurmat bilan,
Mirishkor tumani prokurori
Sardor Nazarov
