Ustozga ehtirom – insoniy qadriyat ifodasi
2025-05-30 16:50:00 / Yangiliklar

Bugun yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotgan, har bir yurtdoshimizning orzu-umidlariga e’tibor qaratilayotgan bir davr. Bu e’tibor va ehtirom zamirida esa, avvalo, el-yurt taraqqiyoti uchun mehnat qilgan, yosh avlod tarbiyasida o‘z izini qoldirgan insonlarga hurmat yotadi.
Mirishkor tumani hokimi Fayzullo G‘ulomov ana shunday insonlardan biri — o‘zining ustoziga ehtirom keltirdi. Tumanning Pomuq shaharchasiga tashrif buyurgan tuman rahbari, 1991-1995 yillarda Bahoriston tumani (hozirgi Mirishkor tumani) ga rahbarlik qilgan, hayot yo‘li yosh rahbarlar uchun ibrat maktabi bo‘lgan Yazdurdi Saparov holidan xabar oldi.
Mazkur tashrifda hokimga tuman prokurori Sardor Nazarov hamda IIB boshlig‘i G‘ayrat Xaydarov hamrohlik qilishdi. Samimiy suhbat, mehr-oqibat va duolar ila o‘tgan uchrashuv har bir ishtirokchi uchun unutilmas daqiqalarga aylandi.
Yazdurdi Saparov bugungi islohotlar haqida so‘z yuritar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning inson qadri uchun amalga oshirayotgan siyosatini hech bir davr va voqelik bilan qiyoslab bo‘lmasligini, yurtimizda, viloyatda va aynan Mirishkor tumanida erishilayotgan yutuqlarni mamnuniyat bilan tilga oldi.
“Ko‘pni ko‘rgan inson sifatida bugun xalqimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, yoshlarga berilayotgan g‘amxo‘rlik va zamonaviy islohotlarni ko‘rib, duoga qo‘l ochmaslikning iloji yo‘q. Biz orzu qilgan kunlarga yetib keldik”, — dedi Yazdurdi bobo samimiy quvonch ila.
Bu tashrif ustoz-shogird an’analarining davom etayotganidan, rahbarlik mas’uliyatini zimmaga olgan insonlarning insoniy qadriyatlarni ustuvor deb bilishidan dalolat. Zero, hayot yo‘li, tajribasi va duolari bilan har birimizga nur sochuvchi ustozlar — xalqimizning bebaho boyligidir.


